Umumta’lim maktablarida «Yosh kitobxon» tanlovi o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ijroiya qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan imzolangan qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida «Yosh kitobxon» tanlovi o‘tkazilmoqda.
9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovda ishtirokchilar test va savol-javoblar asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishmoqda. O‘quvchilarni tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati oldindan berilgan bo‘lib, maktab kutubxonasiga qo‘shimcha ravishda tuman-shaharlardagi markaziy kutubxonalar tomonidan ko‘chma kutubxonalar ham tashkil etildi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova Oltiariq, Rishton va Bag‘dod tumanlaridagi umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, jarayonlarni kuzatib bordi.

– Kitob — insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kalitidir. Shuning uchun ham bayram arafasida o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni yanada targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida mazkur tanlovni o‘tkazmoqdamiz. Tanlovda barcha yuqori sinf o‘quvchilari faol qatnashayotgani yoshlar kitobxonlikka befarq emasligidan dalolat bermoqda, – deydi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Lolaxon Ahmedova.
Tanlovda faol ishtirok etgan o‘quvchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanmoqda.
Sh.To‘xtamatov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi yetakchi mutaxassisi