Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan respublika miqyosida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi o‘tkazilmoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda agentlik bosh inspektori Rahmatjon Ro‘zmetov so‘rovnomadan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarining bilim, amaliy ko‘nikma va kompetensiyalarini bevosita ish beruvchilar fikri asosida baholash, ularning tayyorgarligi zamonaviy mehnat bozori talablariga qay darajada mos kelayotganini aniqlash hamda ta’lim bilan haqiqiy iqtisodiyot ehtiyojlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada kuchaytirishdan iborat ekanligini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 27-iyuldan boshlab so‘rovnoma respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan so‘rovnoma jarayoniga ham maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan operatorlar jalb etilib, ular ish beruvchilar bilan telefon orqali intervyular o‘tkazdi. Shu bilan birga, zarur hollarda korxona va tashkilotlarga bevosita chiqqan holda ish beruvchilar bilan suhbatlar tashkil etildi. So‘rovnoma respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarini ishga qabul qilgan turli soha va tarmoqlardagi ish beruvchilarni qamrab oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri