Ulug‘bek polvon jahon chempioniga aylandi
Iordaniyaning Amman shahrida o‘tkazilayotgan sport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionatida erkin kurash bellashuvlari o‘tkazilmoqda.
Chempionatning 48 kilogrammgacha vazn toifasida hamyurtimiz Ulug‘bek Rashidov so‘nggi hal qiluvchi final bosqichida eronlik Amirabbas Zolfali Alizadeni 11:0 hisobida yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuni ta’kidlash joizki, Ulug‘bek polvon bundan avval U15 va U17 yosh toifalarida Osiyo chempioniga aylangan edi.
Eslatib o‘tamiz, sport kurashlari bo‘yicha o‘tayotgan mazkur jahon birinchiligida ayni paytda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 1 oltin (erkin kurash), 1 kumush va 5 bronza (yunon-rum kurashi) medali bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA