Ulug‘ karvon qo‘ng‘irog‘i
Azal tomirida hamisha ilmga, ma’rifatga katta ehtiyoj sezgan, hayotining eng mazmunli kunlarini ilm olishga baxshida etgan, bolalarini bilimdon qilish uchun bir qultum suv va bir parcha nonga-da qanoat qilgan xalqmiz.
Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh?
Prezidentimiz Murojaatnomada Sharq donishmandlarining:
“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm,
Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,
Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” degan hikmatli so‘zlarini misol keltirib, “Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak”, – deya qat’iy ta’kidladilar.
Azal tomirida hamisha ilmga, ma’rifatga katta ehtiyoj sezgan, hayotining eng mazmunli kunlarini ilm olishga baxshida etgan, bolalarini bilimdon qilish uchun bir qultum suv va bir parcha nonga-da qanoat qilgan xalqmiz.
Dunyo iqtisodini ushlab turgan tayanchi matematika bo‘lib raqamli iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalari asosi algoritmsiz bir qadam ham olg‘a intila olmas edi. Olam qiyofasini o‘zgartirayotgan kompyuterlaru mobil aloqalar ichra “Al jabr val mu’qobala” asarini yozib, algoritmga asos solgan buyuk bobomiz Al-Xorazmiyning aqli ishlab turibdi. Yer sharini ko‘tarib turgan ma’naviyatning to‘rt ustunidan uchtasini olam ahli allomalari ushlab turgan bo‘lsa, ustunning bir tomonini hazrati bobomiz Alisher Navoiyning bir o‘zlari ushlab turganini o‘ziyoq o‘zbekning aql-idroki naqadar qudratli ummon o‘zanlariga borib qadalganidan dalolat beradi. Bu yilgi Murojaatnoma misli tafakkur qo‘ng‘irog‘i bo‘lib har birimizning qalbimizda, vijdonimizda aks sado berdi.
“Bu g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.
Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi.
Men bunga qat’iy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qo‘llab- quvvatlaysizlar, deb o‘ylayman”, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz har doimgidek millat bolalarini bilimli qilishni go‘dak yoshidan boshlash kerakligini uqtirib, bu borada amalga oshirilgan va oshirilish zarur bo‘lgan ishlar haqida to‘xtaldi:
“Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlangan islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi.
2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabi ish boshladi.
Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o‘tgan yili 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi”.
Shaffof holda ish olib borilayotgan oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlaridan xalqimiz nihoyatda minnatdor. Endi ota-onalar va o‘qituvchilar yoshlarimizga ”Bilimingiz yetarli bo‘lsagina oliy o‘quv yurtiga kirasiz. Bilimsiz odamni hech kim qo‘llamaydi. Imtihonda qo‘lingizda ruchka va boshingizda bilimdan boshqa suyanchig‘ingiz bo‘lmaydi” demoqda.
Ilgari ham bilim bilan o‘qishga kirganlar bor edi, ammo farzandi maktabni bitirishi arafasida qing‘ir yo‘llar orqali topgan pul bilan bolasini o‘qishga joylashtirish payida busiz ham yildan-yilga “stavka”, ya’ni pora narxini oshirayotgan korrupsiyaning tegirmoniga suv quyib, qop-qop pullarni yetkazib berib, o‘quv yilining har sessiyasidan yana pul bilan o‘tib, to‘rt yilda oliy ma’lumotli degan diplomni sotib olganlarni ko‘rganmiz. Ha, ularga faqat diplom kerak edi. Misollar: toshkentlik yurist ota va ona notarial idorada ishlashar, kelajakda qizlari ham xuddi o‘zlaridek pichog‘i moy ustida bo‘lishini xohlab, 75 ming AQSh dollariga qizini yuridik universitetiga o‘qishga kiritishganini mahalladagilar tabiiy hol deb qabul qilishgani, Tibbiyot kollejiga qizini bir qo‘shnimiz ming dollarga hamshiralik ishi yo‘nalishiga o‘qishga joylashtirganini eshitgan qo‘shnilar yoqa ushlab qolishgani rost gap.
Bu kabi qalbaki diplomlarning yana qanchasi xodimlar bo‘limining kartotekalarida turganiyu, qancha kishi soxta diplom bilan ishlab, hozirda nafaqada ekani bir diplomfurushlaru, bir xudoga ayon. O‘zlariga ayonligi hech gap emasdir, ertaga ular Yaratganning oldida savol-javob qiladi. Chunki ularning bo‘ynida soxta “diplom”larini qo‘lga kiritgan “vrachlar” bilimsizligining qurboni bo‘lgan ne-ne begunohlarning qabrlari turibdi. Pul bilan yopilgan imtihonlardan “o‘tgan” bilimsiz va vijdonsiz diplomli prokurorlar, sudyalar, tergovchilar qo‘lida pul tufayli aybdorga aylantirilgan qalbaki dalil va uydirma to‘la hujjatlar tufayli turmalarda chirigan begunohlarning uvoli turibdi. Soxta diplomfurushlik jinoyati bo‘yicha qo‘lga tushganlarga faqatgina jarima solish emas, ularni Vatanga xiyonat ustida qo‘lga tushgan uyushgan jinoyatchilar, deya qamoq jazosiga tortish kerak.
Janubiy Afrika Respublikasining Stellenboss universiteti kirish qismida shunday yozuvni o‘qish mumkin:
“Biror bir millatni yo‘qotish uchun atom bombalar yoki uzoq radiusga uchuvchi raketalar shart emas. Buning uchun bor-yo‘g‘i ilm olish sifatini pasaytirish va imtihonlar payti o‘quvchilarga yolg‘on ishlatishga ruxsat berilsa bo‘ldi.
Natijada bemorlar bunday shifokorlar dastidan o‘lib ketadi. Bunday muhandislar qurgan binolar qulaydi. Bunday iqtisodchi va buxgalterlar qo‘lida pullar yo‘qolib ketadi. Unday ilm olgan yurist va sudyalar qo‘lida ADOLAT yo‘qoladi.
Ilm inqirozi – bu millat inqirozi
Murojaatdan – Murojaatgacha erishgan yutuqlarimiz tobora shaffoflashayotgan faoliyatimiz natijasidir.
Prezidentimiz “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, ”halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz” – deya ta’kidladilar.
Azaldan xalqimizda “Palagi toza” degan gap bor.
“Tinchlik hukm surgan yurtimda bir qumg‘on qaynoq suv, bir parcha non men uchun ziyofat”, – deb shukronalar aytar edi bobojonim. Badanida urushning mudhish qiyofasi aksi bo‘lgan sanoqsiz chandiqlari yamoq bo‘lib yotgan bobolarning avlodlari qachon noshukurlikka o‘rgandi. Qonimizga, labzimizga harom luqma qaysi zamon aralashdi?
Yurtda kechayotgan yuksalishlar, obod bo‘layotgan shahar va qishloqlar, gulga burkanayotgan go‘shalar, bahor havosidek entiktiruvchi oromijon manzillar, dilkusho xiyobonu sayilgohlar, jannat qushlaridek bolajonlarni bag‘rida parvarishlayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, 4 yoshli go‘daklardan boshlab chidamli va adolatli bo‘lishga o‘rgatayotgan sport zallari, suzish havzalari, futbol maydonlari, shaxmat zallari, sport gimnastikasi, badiiy gimnastikaning oynavand koshonalari, boks, kurash, belbog‘li kurash, karate, dzyudo, taekvando, aykedo, o‘zbek jang san’ati va hokazo, va hakazo sanaganing sari ruhing tetiklashadi, zavqing oshadi, diling ravshan tortib allaqanday totli xayollar ichra qolasan kishi. Sababi, xalqimiz sport sari yuzlandi. Bugun har bir mahallada chempionlar yashayapti. Ammo, bu hali kam. Har uyda chempionlar bo‘lishi shart. Korrupsiyaga qarshi “halolik vaksinasi” – haromdan hazar qilishni kelajak avlod ongiga go‘daklikdan sindirib borish, bu “halolik vaksinasi” bilan chaqaloqligidayoq emlash deganidir.
Murojaatdan – Murojaatgacha bo‘lgan vaqt ichidagi quvonchlarimiz, baxtiyorliklarimiz, davlat tomonidan ko‘rayotgan mehrimiz, oilaviy shodliklarimiz, bilimimiz, aql-idrokimiz, mehnatimiz natijalarining barchasi halolligimiz hosilidir. Onamiz kabi mushtipar, otamiz misol muhtaram O‘zbekistonimizga bo‘lgan farzandlik muhabbatimiz timsolidir.
Dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etgani bu bizning fidoyi, kamtarin, Vatan manfaatini har qanday mayda-chuyda, shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘ya oladigan millat ekanimizning ifodasidir. Bu hali boshlanishi.
Xitoy davlati korrupsiya deb atalmish vaboni tarqatgani uchun yillar davomida 2 000 dan ortiq katta-kichik mansabdorlarni otuvga hukm qilib, mamlakatni bir qadar tozalab olgani tarixdan ma’lum.
Bizda, O‘ZBEKlarda “Uyat o‘limdan qattiq” degan gap bor. Ha, uyat shunday og‘irki, undan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolgan afzaldir.
Uyat. Oldingizga adolat istab kelgan jabrlanuvchini jinoyatchiga chiqarib, pul evaziga jinoyatchini farishtaga aylantirib, qonunni plastilindek qo‘lida o‘yinchoq qilayotgan “huquq himoyachi“lari emlanishi kerak bo‘lgan halollik vaksinasidir.
Uyat. Shifokorning shiftga termulib, najot kutayotgan bemorning holsiz qo‘llariga qarashi, sotuvchining xaridor haqqiga xiyonati, oliy ta’lim domlasining talabaga pul evaziga baho qo‘yishi, maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri va oshxonadagi oshpazning mittilar haqqidan yulishi... Aytaversangiz vahima tutadi. Sanayversangiz dahshat! Soliqda, bankda, notariusda, kadastrda, suvda, elektrda, gazda, yeru ko‘kda, ya’ni yo‘lovchi tashish transportidagi naqd tushumlaru havo yo‘llaridagi eng qimmat chiptalar tufayli millatda kambag‘allik degan tushunchani keltirib chiqarayotganlarga UYaT!!!
YO‘Q! Biz birgalikda kurashamiz. Nafsning o‘pqoniga birgalikda tosh bostiramiz. Hirsu havo botqog‘ini yopib, kibrning o‘lim bilan tugaguvchi o‘chog‘ini bartaraf etamiz.
Bu bizning qo‘limizdan keladi. Shunday emasmi, palagi tozalarim?! Shunday emasmi, ori osmondan balandlarim?!
Qanoatlilarim – qanotlilarim, shunday emasmi?!
Zulfiya MO‘MINOVA, shoira,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.