”Ultradecor Global” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati kengaytiriladi
"Ultradecor Global" kompaniyasi Toshkent viloyatida yiliga 50 ming kub metr laminatsiyalangan plita ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda IT va korporativ xizmatlar markazini ochish orqali 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida xalqaro Ultradecor Global kompaniyalar guruhi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda agentlik rahbariyati, “Ultradecor” kompaniyalar guruhi moliya direktori Aleksey Chuxan, shuningdek, “EY” xalqaro konsalting kompaniyasining Germaniya va O‘zbekistondagi vakillari ishtirok etdi.
”Ultradecor Global” dunyoning 23 ta mamlakatida faoliyat yuritib, 5 500 nafar xodimni ish bilan ta’minlagan yirik xalqaro kompaniyalar guruhidir. Uning tarkibiga yog‘och asosidagi panellar ishlab chiqaruvchi 7 ta korxona, 17 ta distributsiya markazi, shuningdek, rezina va qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta korxona kiradi.
Muzokaralar davomida kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mamlakatimizda mavjud 6 ta distributsiya markazi faoliyatini rivojlantirish bilan bir qatorda, Toshkent viloyatida yiliga 50 ming kub metr laminatsiyalangan plita ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi mahalliy mebel ishlab chiqaruvchilarni zarur xomashyo va materiallar bilan barqaror ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, kompaniya O‘zbekistonda IT va korporativ xizmatlar markazini tashkil etishni ham rejalashtirgan. Ushbu tashabbus doirasida 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish, markaz tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning qariyb 90 foizini kompaniyalar guruhining xorijdagi korxonalariga eksport qilish nazarda tutilgan. Bu esa mamlakatimizning xizmatlar eksporti salohiyatini oshirishga ham hissa qo‘shishi mumkin.
Uchrashuvda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish mexanizmlari ham muhokama qilindi. Agentlik rahbariyati kompaniya vakillariga O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun belgilangan tartibda “O‘zbekekspertiza” AJ orqali mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatni rasmiylashtirish hamda davlat xaridlari tizimidagi mavjud imkoniyatlardan foydalanishni taklif etdi.

Agentlik kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘z vakolatlari doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, “Ultradecor Global” vakillariga O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan sanoat bond zonalarida ishtirok etish, ushbu hududlarda yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Muzokaralar chog‘ida “Ultradecor” kompaniyalar guruhi bilan bog‘liq “Casa Foundation” jamg‘armasining O‘zbekistondagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilib, bu borada tegishli tushuntirishlar berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ushbu tashabbuslar amalga oshirilsa, mebel sanoati uchun zarur materiallarni mahalliylashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar eksportini kengaytirish va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Sh.Mamaturopova, O‘zA