Ular hali ham paxta tera olishini isbotlashdi: "Hormang, terimchilar!"
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika bo‘limi tomonidan yoshi ulug‘larni ma’nan qo‘llab-quvvatlash borasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, ayni mavsumda yurtimizning turli hududlarida mehnatkash aholimiz paxtani nes-nobud qilmasdan terib olishga bel bog‘lagan.
Mana shunday jarayon shukuhini xotiralarida yana bir bor jonlantirish, yoshlikni eslash maqsadida Respublika "Nuroniy" jamg‘armasi tashabbusi bilan bir guruh, nuroniylar Chinoz tumanidagi paxta dalalariga "Hormang terimchilar", deya chiqishdi.
Darhaqiqat, qalbi ezgulikka undovchi, hayot lazzati mehnatda ekanini o‘z umrida topgan faxriylar oppoq dalalarga faqatgina zavq bilan boqadi, desak yanglishar ekanmiz. Ular shavq bilan terimchilarga qo‘shilib paxta terishga tushishdi. Terim jarayoni ularni yoshlik xotiralariga yetakladi.
Jo‘shqin nuroniylar orasida ijodkor va xonandalar borligi terimchi opa-singillarni bir joyga to‘plab, madaniy hordiqqa, samimiy hazil-mutoyibalarga yetakladi. Xalqimiz ardog‘idagi shoira Zulfiya Mo‘minovaning "Ayolga baxt bering" nomli va boshqa ko‘plab she’rlari, kuy-qo‘shiqlar aynan mehnatkashlar davrasida yangradi.
"192 gektar yerimizning 96 gektariga paxta ekdik. Nasib etsa, bunday madaniy hordiqdan keyin terimchilarim kechagidan ham ko‘proq natijaga erishamiz, deya mamnun bo‘lishyapti", deya ta’kidlaydi "O‘rinboy hoji" fermer xo‘jaligi rahbari Abdug‘affor Akramov.
Tadbirda davomida terimda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritayotgan bir guruh terimchilarga "Nuroniy" jamg‘armasi sovg‘alari ulashildi.
Dalada osh damlanib, nuroniylardan barokotli dasturxonda duolar olindi.


Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA