Ulamolarning AQSH safari boshlandi
Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, ezgulik, muruvvat, mehr-oqibat ramzi - muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish maqsadida 20 apreldan 2 mayga qadar o‘zbekistonlik bir guruh imom-xatiblarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga safari uyushtirildi.
Diplomatik vakolatxonamiz tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu tashrif doirasida imom-xatiblar okean ortida yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotgan, tahsil olayotgan 6 ta shaharda bo‘ladi. 20-25 aprel kunlari ketma-ket Vashington, Filadelfiya, Nyu-York, Sinsinati, Chikago, va Orlandoga borish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida vatandoshlar, milliy diaspora yetakchilari bilan uchrashuvlar, mahalliy masjidlarda islom dini qadriyatlari haqidagi, radikalizmga qarshi kurashish, AQSHda yashovchi o‘zbek yoshlari o‘rtasida ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish mavzularida ma’ruza qilinadi. Bundan tashqari O‘zbekiston imom-xatiblari AQSH rasmiy, diniy va jamoat doiralari vakillari ishtirokidagi konfessiyalararo iftorlik, yurtdoshlarimiz tashabbusi bilan qurilgan masjidlarning tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etadi.
Safar doirasida Davlat departamenti, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasida alohida uchrashuv, muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Amerikalik ekspert va jamoatchilik doiralarini respublikamizda diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilish maqsadida Tinchlik instituti tahlil markazida brifing o‘tkazish rejasi bor.
Mamlakat sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan, Amerika musulmonlarining asosiy ibodat maskani - Virjiniya shtatidagi 5000 dan ortiq oilaga xizmat ko‘rsatuvchi ADAMS markazi bilan islom asoslari va arab tilini o‘rganish bo‘yicha sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Keng qamrovli tashrif davomida ikki davlat diniy idoralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, akademik aloqani kuchaytirish, hadis ilmini o‘qitish borasida fikr almashish, amerikalik ziyorat sayohatchilarining O‘zbekistonga muntazam safarlarini uyushtirish masalasi ham muhokama qilinadi.
O‘zA