Ukrainalik tadbirkorlar O‘zbekistonda
Mamlakatimizda Ukraina Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi mehmon bo‘lib turibdi.
Ukrainalik tadbirkorlar 17 may kuni poytaxtimizdagi “Texnopark” MCHJdagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Tadbir doirasida turli xil og‘ir va yengil sanoat korxonalarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Lift ishlab chiqarish, gaz hisoblagich, gaz trubalar, muzlatkich ishlab chiqarish jarayonlari va ushbu mahsulotlarga ukrainalik tadbirkorlar tomonidan qiziqish bildirildi.
“Texnopark”ka tashrifdan so‘ng “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mehmonlar “Bektemir Metall Konstruksiyalari” MCHJ va boshka ishlab chikarish korxonalari bilan tanishtirildi.
[gallery-2444]
Tashrif davomida delegatsiya vakillari O‘zbekiston eksportchilar uyushmasida ham bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Ukraina savdo aloqalarini yanada mustahkamlash, turli ko‘rgazmalar tashkil etish kabi masalalar muhokama etildi.
Ukraina bozorida mamlakatimizning oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, maishiy texnika mahsulotlariga qiziqish kattaligi qayd etildi. Suhbat davomida bu kabi mahsulotlar eksportini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, 50 dan ortiq yirik kompaniya vakillaridan iborat Ukraina delegatsiyasi mamlakatimizda 21 maygacha bo‘lishi rejalashtirilgan. Biznes delegatsiya vakillarining besh kunlik dasturdan shuningdek, Samarqand viloyatiga qilinadigan xizmat safari ham o‘rin olgan.
Yulduz O‘rmonova, O‘zA