Ukrainada don eksporti muammoga aylanmoqda
Rossiyaning Qora dengizdagi ukrain portlari va infratuzilmasiga hujumi mamlakatdan qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportini deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Bu holat fermerlarning joriy va kelgusi yil hosili uchun zarur mablag‘ to‘plash imkoniyatini cheklamoqda.
Ukraina bug‘doy, makkajo‘xori va kungaboqar urug‘i yetishtirish bo‘yicha dunyo miqyosida yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Mazkur eksport miqdorining qariyb 90 foizi Qora dengiz orqali amalga oshiriladi.
Ayni payt mamlakatda bug‘doy yig‘im-terimi avjida. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyining dastlabki ikki haftasida don eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75 foiz kamaygan.
Ma’lumotga ko‘ra, mamlakat eksporti daromadining qariyb 60 foizi qishloq xo‘jaligi hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bois portlar faoliyati izdan chiqishi urush davridagi iqtisodiyotga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.
Ukrainada bu yil qariyb 60 million tonna don yetishtirilishi kutilyapti. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichga yaqin. Binobarin, eksport imkoniyati cheklanishi fermerlar kelasi mavsum uchun yonilg‘i, ish haqi, kuzgi ekish ishiga mablag‘ ajratishini qiyinlashtiryapti.
“Reuters” suhbatlashgan fermerlar ichki bozorda don ko‘payib ketgani sababli narx pasaygani, jahon bozorida esa aksincha Qora dengizdagi uzilish tufayli don narxi oshganini bildirgan.
Ukraina port ma’muriyati ma’lum qilishicha, iyul va avgust oyi boshida Rossiya Qora dengizdagi port infratuzilmasiga 70 dan ortiq hujum uyushtirib, kemalarga 62-marta zarba bergan. RF mas’ullari hujum qonuniy harbiy infratuzilma, logistika ob’ektlari hamda xorijiy qurol tashiyotgan kemalarga qaratilganini bildirmoqda.
Kiyev uchun muqobil eksport yo‘nalishlarini topish masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qora dengiz portlarining avvalgi qamali davri – 2022-yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari temir yo‘l va avtomobil trassalari bo‘ylab mamlakatning g‘arbiy chegarasi orqali eksport qilingan. Hozir esa Polsha bilan munosabat yomonlashuvi, Yevropa Ittifoqi bilan savdo tartibi o‘zgarishi, Dunay daryosi sathi pasayishi va temir yo‘l infratuzilmasiga hujum uyushtirilishi ortidan muqobil yo‘nalishlar topish imkoni cheklangan.
Ukraina Markaziy banki hisob-kitobiga ko‘ra, portlar qamali yilning qolgan qismida mamlakatga valyuta tushumini qariyb 2,5 milliard dollar kamaytirishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi uyushmasi fermerlar logistika xarajati ortishi tufayli qariyb 3 milliard dollar zarar ko‘rishini taxmin qilyapti.
Mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi nizo tufayli 2022-yildan buyon ko‘rgan umumiy zarar 90 milliard dollardan oshgan. Faol kurash, hududlar minadan zararlanishi, o‘qqa tutilishi, sug‘orish imkoni cheklanishi natijasida ekin maydonlari qariyb chorak qismiga qisqargan.
Hukumat fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit dasturini kengaytirish, kredit olish talabini yengillashtirish va aylanma mablag‘ uchun foiz miqdorini kamaytirishni nazarda tutuvchi favqulodda yordam chorasini joriy etgan.
Mamlakatda don saqlash quvvati tanqisligi 11 million tonnaga yetishi mumkin. Shu bois hukumat hamkorlaridan fermer xo‘jaliklarida vaqtincha saqlash uchun maxsus qop yetkazib berishda yordam so‘ragan.
Mutaxassislar eksport yo‘llarini tezroq tiklash yoki muqobil yo‘nalishlar yaratish nafaqat iqtisodiyot, balki Ukraina g‘allasiga tayanadigan Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari uchun ham muhimligini ta’kidlamoqda.
D.Hakimov, O‘zA