Uchrashuvga yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar va ularning tashabbuslari asos bo‘ldi
Mirzaobod tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda Vatanga sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga qaratilgan «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi mazkur batalonda tashkil etilgan mazkur tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi hamkorligida o‘tkazildi. Unda yoshlar, harbiy xizmatchilar va mas’ul rahbarlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning qiziqishlari, ularni o‘ylantirayotgan masalalar, kelgusi rejalari va tashabbuslari muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mas’ullardan batafsil javob olishdi. Shuningdek, bildirilgan takliflarni amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bunday uchrashuvlarning ahamiyati shundaki, yoshlar nafaqat o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni bevosita mas’ullarga yetkazish, balki yangi g‘oya va tashabbuslarini ilgari surish imkoniga ega bo‘ladi. Eng muhimi, ularning fikri va takliflari e’tibordan chetda qolmay, amaliy ishlarga yo‘naltiriladi. Bu esa yoshlar va mas’ullar o‘rtasida ochiqlik va ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Uchrashuvning harbiy qismda o‘tkazilgani esa tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi. Harbiy muhit yoshlarda Vatan himoyasi, yurt tinchligi va osoyishtaligiga daxldorlik hissini kuchaytirish barobarida, intizom, matonat, mas’uliyat va fidoyilik kabi fazilatlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-30846]
— Bugun yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish, ularning fikr va tashabbuslarini tinglash, muammolarini o‘rganish juda muhim. Zero, har bir tashabbus ortida kelajakka intilish, o‘z o‘rnini topish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish istagi mujassam. Shu bois bunday uchrashuvlarda biz nafaqat yoshlarni tinglaymiz, balki ular bilan birgalikda mavjud muammolarga yechim va yangi imkoniyatlarni izlaymiz. Bugungi tadbirning harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazilayotgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu orqali yoshlarda Vatanga sadoqat, yurt tinchligi va osoyishtaligiga daxldorlik, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga erishamiz. Bunday muloqotlar ularning o‘z kuchiga ishonchini oshirish, yangi g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, bugun yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni erkin bayon qilib, takliflarini bildirdi. Bu esa ularning fikri biz uchun muhim ekanini ko‘rsatadi. Bunday muloqotlarni muntazam davom ettirish orqali yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va munosib kelajak uchun mustahkam poydevor yaratishga intilamiz, — deydi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Azizbek Rahmonov.
Tadbirning badiiy qismi ham ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan jonli kuy-qo‘shiqlar uchrashuvga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Vatan, yurt va jasoratni tarannum etgan qo‘shiqlar ishtirokchilarni yurtga sadoqat va fidoyilik g‘oyalari atrofida yanada birlashtirdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA