Uchrashuv yoshlarga katta motivatsiya berdi
Musobaqaning barcha shartlari ishtirokchi jamoalar tomonidan bajarilgach, DXX Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari va yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Musobaqani kelgusi yillarda o‘tkazishdagi tashkiliy masalalar yuzasidan takliflar so‘raldi va o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi. Shuningdek, vatanparvarlik tushunchasi hamda uning mazmun-mohiyati xususida ham so‘z yuritilib, yoshlar musobaqadan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ayniqsa, 2022 yilda “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasida qatnashib, hozirda DXX Chegara qo‘shinlari safida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmat oddiy askari Sanjarbek Normatov bilan uchrashuv yoshlarga katta motivatsiya berdi. Quvonarlisi, Sanjarbekning ukasi Sarvarbek Normatov ham akasining izidan borib, bu yilgi musobaqalarda “Amir Temur izdoshlari” jamoasi safida Qashqadaryo viloyati sha’nini himoya qilmoqda. Aka-ukaning maqsadlari mushtarak, ular kelgusida harbiylik kasbini tanlab, yurt tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash niyatidalar. Bu ezgu maqsad yo‘lidagi ilk qadamlar esa allaqachon qo‘yib bo‘lingan. Bo‘lib o‘tgan samimiy va do‘stona suhbatdan so‘ng, ishtirokchi jamoalar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘rtoqlik o‘yinlari ham tashkil etildi. Kun yakuni esa barcha uchun yorqin taassurotlarga boy tarzda kechdi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan bo‘lsa, ishtirokchilar jam bo‘lgan maydon o‘rtasida yoqilgan gulxan, ularning yosh, navqiron yuraklarida yonib turgandek olov singari ko‘kka lovulladi. Gulxan atrofida do‘mbira sadolari ostida kuylangan o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi qo‘shiqlar sadosi birdamlik, hamjihatlik va ahillik ramzi sifatida jarang sochdi.
N.Bozorova,
O‘zA