Uchqo‘rg‘on tumanida yangi hokim ish boshladi
Xalq deputatlari Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Uchqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlagan Azimjon Abdumutalovich Vahobov faoliyatidagi kamchiliklar sababli o‘z lavozimidan ozod etilgani munosabati bilan tuman hokimligiga yangi rahbar nomzodi ilgari surildi.

“Namangan hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi aksionerlik jamiyati bosh direktori lavozimida ish olib borayotgan Jahongir Nosirjonovich Rizzayev Uchqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.
Jahongir Rizzayev 1986 yil 5 dekabr kuni Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yili Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-energetik.

Mehnat faoliyatini 2008 yilda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” ochiq aksionerlik jamiyatida o‘ta kuchlanishdan himoya qilish va izolyatsiyani sinash xizmati elektromontyori bo‘lib boshlagan. 2010-2018 yillar davomida u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Elektr energetikada nazorat bo‘yicha “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Namangan hududiy bo‘limi, Kosonsoy va To‘raqo‘rg‘on tuman elektr ta’minoti korxonalari, Namangan viloyati hokimligi, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyatida turli mas’ul va rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Jahongir Rizzayev 2018 yil 29 iyundan buyon hozirgi paytga qadar “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Sessiya ishida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA