Uch yuz oltmish besh kun haqiqati...
bugungi milliy matbuotimiz ravnaqiga mehnati singgan katta avlod qalamkashlari haqida gap ketsa, ularning albatta yaratgan asarlari haqida so‘z yuritiladi.
Ko‘p hollarda ularning tabiati, fe’li, yurish turishiyu, o‘zini qanday tutishigacha qalam ahli zehn soladi. Chunki mashhurlik bobida ancha nomdor, katta lavozimlar ta’sirida hali ham yashaydigan keksa qalam ahli ham yo‘q emas.
Tabiiyki, ularning yaratgan asarlarida ham buni payqash mumkin.
Taniqli publitsist, shoir va kinodramaturg Abduxoliq Abdurazzoqov haqida so‘z borganida esa ko‘pchilikning yuzida samimiyat balqiydi. Ijodkorning bolaligi, talabalik yillari ham oson kechmagan. Taqdir bu insonni bugun adabiyotimiz va matbuotimizga kattagina hissa qo‘shib kelayotgan iqtidorli ijodkorning yaqinda "Ganjina" nashriyotida chop etilgan "Uch yuz oltmish besh kun haqiqati" kitobini o‘qib, shu fikrga keldim. Unda tilga olingan hayotiy voqealarning barida o‘zbekona hayot tarzi mujassam. Achchisoy qishlog‘idagi ammasini o‘ttiz yildan keyin topishi, biri yurtga rahbarlik qilgan davlat arbobini himoya qilishi, nomdor yozuvchini himoya qilib, haqiqatlarni ayta olgani sizni befarq qoldirmaydi.
Kitobda tilga olingan xotiralar juda ko‘p. Ular orasida yozuvchi Xayriddin Sulton asarlarining yaratilishi, hikoyaga obraz sifatida kirgan prototiplar haqida so‘z boradi. Yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning katta polotnosi "Lolazor" romani qahramonlari qiyofasi ochib beriladi. Adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshevning Abduxoliq Abdurazzoqov haqida bilgan haqiqatlari, Abdulatif Abdullayevning "Do‘st ovlovchi", Milliy matbuot markazi rahbari Shavqiddin G‘aniyevning u kishi haqidagi "Men Musa akam ekkan yaxshilik daraxtiman" maqolalarida ijodkorning samimiy insoniy fazilatlari, ayniqsa uzoq viloyatlardan kelib poytaxtda ildiz otib ijod qilayotgan ko‘plab yoshlarga g‘amxo‘rligi tilga olingan.

Amal kursisiga minib, zamonga mos turlanib, oldiga inson zoti yaqinlay olmagan, amaldan tushgach esa, davrni ayblagan odamlar yo‘q deysizmi? Yana bir katta xotiralar Murod Muhammad Do‘st va uning matbuot kotibligidagi ish tutimi bilan bog‘liq. Hozirgi yoshlar bu voqealarni ko‘p ham bilishmaydi, bilgan yoshi kattalar esa, "ha endi ularning ketmoni uchgan" davrlar, deya gapirib qo‘yishadi. Aslida ko‘p haqiqatlar endilikda ochiq aytilmoqda. Abduxoliq Abdurazzoqovning aytmoqchi bo‘lgan yana bir haqiqati esa sevimli shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva va u kishing turmush o‘rtog‘i Mavlon Umrzoqovning boshidan kechgan ko‘rgiliklar. Bu esa yaqin tarixda, besh-o‘n yil avval ro‘y bergani o‘ylantiradi kishini, millat tashvishida kuyib-yongan ijodkor boshiga bu kulfatlarni solgan kimsalar kim edi deb o‘ylab qolasiz va kitobdan unga javob topasiz. Kitobni o‘qib bu xotiralardan chiqarishimiz lozim bo‘lgan achchiq xulosalar haqida o‘ylab qolasiz.
Kitobning "Irmoqlar" bobida esa muallif ayni paytda ham matbuot zahmatidan chetda turmay, xalqimizga ma’naviyat ulashayotgan necha o‘nlab ijodkorlar tilga olinadiki, bu ijodkorning hali ham yoshlarga mehri tovlanib turganidan dalolatdir.
Abduxoliq Abdurazzoqovni ko‘pchilik Musa aka deb izlaydi. O‘zi esa ikkala ismga ham hozirjavob. U bir qancha kitoblar muallifi, xizmat ko‘rsatgan jurnalist, mamlakatimizda huquqiy nashrlarni tashkil etishda bosh-qosh bo‘lib, "Ishonch" gazetasida bir necha yil bosh muharrir bo‘lgan. Bu ezgu sa’y-harakatlarni sanayversak, juda ko‘p. Ayni vaqtda esa Abduxoliq Abdurazzoqovning ushbu kitobi 70 yoshdagi ijodkorning muxlislariga bir ajoyib tuhfasidir.
O‘ljaboy QARSHIBOY