Uch oylik kelinning o‘limiga kim aybdor?
Ish faoliyatim davomida, sudya sifatida qotillik, talonchilik, zo‘ravonlik, poraxo‘rlik, oilaviy ajrimlar kabi qator jinoiy, ma’muriy, iqtisodiy, fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri kelgan.
Ammo inson qadri, sha’ni, g‘ururini bu qadar poymol qilib, uni o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lishigacha olib borishdek ishni ko‘rmagan ekanman.
Biz ota-onalar farzandlarimizni odob-axloqli, bilimli, kasb-hunarli, komil inson bo‘lishini istaymiz va shu yo‘lda mehnatimiz, umrimizni sarflaymiz. O‘g‘il doim ko‘z o‘ngimizda, ammo qizning yo‘rig‘i bo‘lak. Qiz bola birovning xasmi. Uni munosib joyga uzatib, borgan joyidan tinchib, uvali-juvali bo‘lib, uyimizga bir kelganda ham sog‘-omon, shod-xandon ko‘rsak – ishda unum, halovat bo‘ladi. Biroq u abgor bir holatda, tushkun kayfiyatda kelsa-chi?
Jizzax shahrining “Zilol” mahallasida yashovchi Ahmadjonovlarning (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) qizi Nazokatga zarbdorlik Iskandardan sovchi kela boshladi. Yigitning opasi Vasila har borganda “Yoshlar har kuni uchrashib yurishadi, sevishgan ikki yoshni baxtiga qarshi chiqmang” deyaverib hammani shunga ko‘ndirdi. Aslida, Nazokatning ishi cho‘zilib ketib, bir-ikki marta Iskandar, “Kech bo‘lib qoldi, yolg‘iz yurmang” deb, Nazokatni qarshiligiga qaramay, ortidan uyigacha ergashib kelgan edi, xolos. Marhamat aya, “Uchrashib yuribdi!”, “Sevishgan!” deganlari yolg‘on ekanini aytgan o‘z qizining gapiga ishonmadi-yu, lekin yetti yot begona, umuman tanimaydigan juvonning gapiga ishonib, surishtirib netmay, Nazokatni Iskandarga berishga rozi bo‘ldi.
2021 yilning mart oyida to‘y bo‘ldi. Har bir qizning oppoq libos kiyishi xayoli ortida qanchadan-qancha orzulari bo‘ladi. Nazokat atigi 3 oygina kechgan kelinlik davrini ham xursandchilikda emas, aksincha azob-uqubatda o‘tkazdi. Nazokat kelin bo‘lib borgan oilasi uni nafaqat kelin, hatto, inson o‘rnida ham qabul qilmadi. To‘ydan avval “Nazokatdan boshqasiga uylanmayman!” deb turib olgan Iskandar ham “Shu mushtipar meni ortimdan keldi-ku” demay, xotiniga o‘ta shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lib, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, kaltaklab keldi. Hech kimga bir og‘iz gap qaytarmagan Nazokat qilmagan “ayblari” uchun deyarli har kuni kaltaklar tagida qolaverdi. Hech kim “Qo‘y, unday qilma!” demadi. Hushidan ketguncha do‘pposlagan er shu bilan cheklanib qolmadi. Unga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘ldi. Bunga chiday olmagan, sha’ni, g‘ururi, qadri toptalgan Nazokat, oxir-oqibat o‘z joniga qasd qildi. U kelin bo‘lib tushgan, qurilishi tugallanmagan binoda sim bilan bo‘yin qismidan osib, bu yorug‘ olamdan ko‘z yumdi.
...Ushbu fojiali ish avval Zarbdor tuman sudining ochiq sud majlisi, keyinchalik appelyatsiya shikoyati asosida Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida qayta ko‘rib chiqildi va sud hukmi o‘z kuchida qoldirildi.
– Nazokat, 40 kun deganda uyga kelgandi, jarohat izlari ko‘rinib turar edi, – deydi marhumaning onasi Marhamat aya, sudda bergan guvohligida. – Sumkasida bir bo‘lak non ko‘rib qolib, nega qotgan non ko‘tarib yurganini so‘raganimda, u uyda ovqat yeyishga ruxsat berishmayotgani, och qolganida shu nonni yeyish uchun olib yurganini aytgan edi. To‘ydan avval o‘z farzandimni gaplariga ishonmay, guldek qizimning umriga zomin bo‘ldim. Hech bo‘lmasa, o‘sha kelganida olib qolganimda edi. Qaytarib yubormaganimda edi...
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 103-moddasining tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanganIskandarning ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan hukm o‘qildi. Uch oy davomida kaltaklangan kelinni oilaning kattalari, qo‘ni-qo‘shni, uchastka noziri, mahalla fuqarolar yig‘ini nahotki ko‘rmadi, sezmadi? Nazokat bugun oramizda yo‘q. Sababi esa e’tiborsizlikdan. Befarqlik uchun esa jazo yo‘q.
Shuhrat Xudayarov,
Jizzax viloyat sudi sudyasi. O‘zA