Uch masjid — uch ezgu qadam
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyatida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzaxlik”, “Yakka tut” va “Ardaxshon” masjidlarining yangi binolari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi masjidlarning barpo etilishi mahalliy aholi uchun yana bir muhim qulaylik bo‘ldi. Zamonaviy talablar asosida qurilgan binolarda namozxonlar uchun keng va shinam namozxonalar, tahoratxonalar, ma’muriyat xonalari hamda zarur yordamchi xonalar tashkil etilgan. Xotin-qizlar uchun alohida namozxona va tahoratxonalarning mavjudligi ham aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda sharoitlar yaratilganini ko‘rsatadi.
Yangi masjidlarning ochilish marosimida viloyat hokimining din va jamoat tashkilotlari bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev, viloyat bosh imom-xatibi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi hay’ati a’zosi Mehmonxon domla Jabborov, nuroniylar, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.


Tadbirlarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning ibodatlarini emin-erkin ado etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, mahallalarda ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashda masjidlarning o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Bu ezgu ishlarning ahamiyatini Mustaqillikning 35 yilligini munosib nishonlashga qaratilgan davlat siyosati bilan uyg‘un holda baholash mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida bayramni mahalla, qishloq va ovullargacha qamrab olgan holda o‘tkazish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni kengaytirish va jamiyatda birdamlik muhitini mustahkamlash vazifalari belgilangan.


Jizzaxda barpo etilgan uchta yangi masjid ham ana shu ezgu maqsadlarning hayotdagi amaliy ifodalaridan biridir. Zero, masjid faqat ibodat ado etiladigan joy emas, balki insonlarni ezgulik, poklik, mehr-oqibat va hamjihatlikka chorlaydigan ma’naviy maskandir.


Mehmonxon domla Jabborov tadbirda masjid bunyod etishning fazilati haqida so‘z yuritib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjid qurgan kishiga Alloh taolo jannatda uy bino qilishi haqidagi hadislarini keltirdi.


Saxovatli homiylar ko‘magida qad rostlagan ushbu uch maskan endi mahalla hayotining ajralmas qismiga aylanadi. Ularning fayzi ibodat, ma’rifat va ezgu amallar bilan yanada ziyolanib, yurtdoshlarimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash barobarida, mahallalardagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri