Uch avlod vakillari yagona maqsad yo‘lida jam bo‘ldi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida nuroniylar, mehnat va harbiy faxriylari, otaliqqa olingan yoshlar, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev so‘nggi yillarda nuroniylar va yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritdi. Mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy yuksaltirish va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarni izchil amalga oshirishda o‘zlikni anglab, umummilliy qadriyatlarni mustahkamlash faqat davlat xizmatchilarining emas, balki yoshu keksaning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Yoshlarni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat milliy urf-odatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda keksa avlod vakillarining boy tajribasidan oqilona foydalanish lozimligini qayd etdi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda nuroniylar, harbiy faxriylar og‘ir yillardagi yoshlik davrlarini xotirlab, mashaqqatli turmush tashvishlarini yodga oldi. Olis o‘lkalarda muddatli harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida ko‘rgan-kechirganlarini, moslashtirilgan binolarda ta’lim olgan va haminqadar sharoitlarga ega idora, muassasa, korxonalarda mehnat qilgan davrlarini eslab, o‘tgan asr bilan mustaqillik yillaridagi tinch, to‘kin, farovon hayotni qiyosladi. Hayot tajribalarini so‘zlab berdi.

Uchrashuvda o‘rta va yosh avlod vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
- Tadbir avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorisiylikni mustahkamlab, yoshlarning hayotiy maqsadlarini belgilashda faxriylar tajribasidan samarali foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, - deydi III darajali serjant Akbar Ahmedov. - Yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirib, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli kasb ekanini anglashida muhim ahamiyat kasb etdi. Uch avlod vakillarini bir maydonda jamlab, boy tajriba, bilim va ezgu qadriyatlarni yoshlar ongu shuuriga singdirishda samarali muloqot platformasi sifatida barchada unutilmas taassurot uyg‘otdi.


Tadbir Termiz garnizoniga qarashli harbiy qismda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirish bilan davom etdi. Muddatli harbiy xizmatchilarning “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida kasb-hunar egallashi va oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Askarlar va ularga ta’lim berayotgan ustozlar bilan dildan suhbatlashdi. Yosh vatan himoyachilari mamlakatimizda yigit-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, harbiy sohada yuz berayotgan beqiyos o‘zgarishlar uchun Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyovga minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri