Tursunali Qo‘ziyev: Istiqlol rassomlar tafakkuriga erkinlik berdi
Mustaqillikni eng avvalo mamlakatimiz ijod ahli katta quvonch bilan kutib olgan. Ijodkor uchun istiqlol qanday ahamiyatga ega? Hurriyatning mo‘yqalam sohibi uchun qadr-qimmati nimalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi?O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, mohir musavvir va fotoijodkor, akademik, professor, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining maslahatchisi Tursunali Qo‘ziyev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
—Siz sho‘rolar davri san’at maktabini ham, mustaqillik davri milliy uyg‘onish jarayonlarini ham ichidan kuzatgan, ularga rahbarlik qilgan ijodkorsiz. Sizningcha, o‘zbek tasviriy san’ati va rangtasviri mafkuraviy "qizil qoliplar"dan qachon va qaysi asar orqali to‘liq ozod bo‘ldi?
— Avvalo, bir narsani ta’kidlashni istardim: san’atning mafkuraviy qoliplardan ozod bo‘lishini bitta sana yoki bitta asar bilan belgilab bo‘lmaydi. Bu jamiyat tafakkurida yuz bergan ulkan o‘zgarishning badiiy ifodasidir. Men sobiq tuzum davrida, barcha mafkuraviy cheklovlarga qaramay, iqtidorlarni saralab, ulardan haqiqiy san’at namoyandalarini tarbiyalay olgan kuchli tasviriy san’at maktabida voyaga yetganman. O‘sha davrda rassomlar akademik realizmning rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik va monumental san’at sirlarini juda puxta egallar edi. Bu o‘z davri uchun katta professional maktab edi.
Ammo uning ikkinchi, ayanchli tomoni ham bor edi. Ijodkor nimani tasvirlashi, qaysi tarixiy voqeaga qanday baho berishi, qaysi qahramonni qanday talqin qilishigacha bo‘lgan masalalar mafkuraviy «qizil chiziqlar» bilan belgilab qo‘yilardi. Ularning biroz bo‘lsa-da chetidan chiqishga uringan ijodkor kuchli nazorat va tazyiqqa duch kelardi.
Bu tizim qanday ishlashini o‘z boshimdan ham kechirganman. 1972-yili Toshkent viloyatidagi «Kristall» oromgohida Butunittifoq yosh ijodkorlarining birinchi anjumani bo‘lib o‘tgan edi. Shu anjuman doirasida tashkil etilgan yosh rassomlar ko‘rgazmasiga «Munojotni tinglab» nomli rangtasvir asarim qo‘yildi.
Ko‘rgazmani Moskvadan kelgan mashhur san’atshunos Kapustin ham ko‘rgan. U asarimni ko‘rsatib, sovet tasviriy san’ati «sog‘lom va shonli yo‘ldan» chetga chiqib, «eski feodal davr madaniyatini ifoda etishga intilayotgan» unsurlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini aytgan edi. Bu men uchun katta saboq bo‘lgan. Chunki o‘sha birgina munosabatning o‘zi san’atga mafkura qanday aralashganini, ijodkor tafakkuriga qanday chegaralar qo‘yilganini yaqqol ko‘rsatardi.

Shu bilan birga, bugun biz sobiq ittifoq davrida ijod qilgan ustozlarimizni faqat mafkuraviy tizimning ijodkorlari sifatida baholashga haqli emasmiz. Aksincha, o‘sha qattiq qoliplar ichida turib ham milliy ruhni, xalqimizning tarixiy xotirasi va ma’naviy dunyosini asarlariga singdira olgan buyuk rassom va haykaltaroshlarimiz bor edi. Ular o‘z ijodi bilan milliy madaniyatimizning bebaho xazinasini yaratdi.
Bugun ularning nomlarini ehtirom bilan yod etish, merosini o‘rganish va ruhini shod etish — yangi avlod ijodkorlarining ma’naviy burchi. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning marhum san’atkorlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlab, ularning xizmatlarini munosib e’tirof etib kelayotgani juda katta ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Istiqlol esa, tom ma’noda, avvalo rassomning qo‘lidagi mo‘yqalamiga emas, uning tafakkuriga erkinlik berdi. Menimcha, o‘zbek milliy tasviriy san’atidagi eng katta burilish ham ana shu yerda yuz berdi. Rassom tarixga endi hukmron mafkura prizmasidan emas, balki o‘z bilimi, dunyoqarashi, Vatanga muhabbati va milliy qadriyatlarga munosabatidan kelib chiqib qarash huquqiga ega bo‘ldi. Bu erkinlik milliy tariximizga munosabatni ham tubdan o‘zgartirdi.
Biz kechagina nomini tilga olishning o‘zi katta jasorat talab qilgan buyuk ajdodlarimizni qayta kashf eta boshladik. Pirimqul Qodirovning Mirzo Bobur shaxsiyati va tarixiy haqiqatini «Yulduzli tunlar» orqali xalqqa yetkazgani uchun qanday tazyiqlarga uchraganini yaxshi bilamiz. Istiqlol esa bunday haqiqatlarni ochiq aytish, ularni o‘rganish va badiiy ifodalash uchun keng yo‘l ochdi.
Amir Temurning tarixiy shaxsiyatiga xolis baho berish, uni buyuk Sohibqiron, davlat arbobi, bunyodkor va Sharq Renessansi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs sifatida xalqimizga qayta tanitish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk siymolarimizning nomi va merosi xalqimizga qaytarildi.
Eng muhimi, bugun bu meros nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli mamlakatlarida targ‘ib etilmoqda. Yaponiyadan AQSHgacha, Riga, Shanxay, Bryussel, Parij, Moskva va boshqa shaharlarda buyuk ajdodlarimizga haykallar o‘rnatilmoqda. Bu esa rassom va haykaltaroshlarimiz oldiga yangi ijodiy vazifalarni qo‘ymoqda – tarixni shunchaki tasvirlash emas, uni chuqur o‘rganish, anglash va milliy dunyoqarashimiz asosida zamonaviy badiiy talqin qilish.
Istiqlol milliy san’atimizga eng avvalo o‘z tarixiga o‘z ko‘zi bilan qarash, o‘z haqiqatini o‘z tilida aytish va o‘z qadriyatlarini erkin badiiy talqin qilish huquqini berdi. Men uchun san’at erkinligining eng katta mezoni ham shu.
–Agar Mustaqillikning dastlabki yillaridagi xalqimizning orzu-umidlari, shiddati va tarixiy eyforiyasini birgina suratda yoki ranglar uyg‘unligida ifodalash kerak bo‘lsa, siz palitrangizdan qaysi ranglarni ustuvor qilib tanlagan bo‘lardingiz? Mustaqillikning ramzi siz uchun ko‘proq qaysi vizual timsolda namoyon bo‘ladi?

— Agar mendan Mustaqillikni bitta kartinada ifodalashni so‘rashsa, ehtimol, birinchi navbatda rangni emas, yorug‘likni tanlagan bo‘lardim. Chunki Mustaqillik men uchun avvalo — ziyo. Qorong‘i xonada deraza ochilib, insonning ko‘zi uzoqlarga qaray boshlashi kabi. Albatta, O‘zbekistonimizning o‘ziga xos, betakror ranglari bor: osmonning moviyligi, tabiatning yashilligi, quyoshning oltinrang nuri, ona tuproqning iliq tuslari, Samarqand va Buxoro me’morchiligidagi ko‘k va tilla uyg‘unligi.
Lekin Mustaqillikning asosiy rangi men uchun — erkinlik rangi. Uni bitta rang bilan ifodalab bo‘lmaydi. U tuyg‘ular, orzular, asrlar davomida istiqlolni armon qilgan ajdodlarimiz taqdiri, jadid bobolarimizning to‘kilgan ko‘z yoshlari va qoni, qatag‘onlarda qurbon bo‘lgan insonlarning xotirasi, bugungi avlodning umid va ishonchidan tarkib topgan murakkab, ammo nurli koloritdir. Mustaqillikning vizual timsoli haqida o‘ylaganda esa, aytish mumkinki, men uchun eng kuchli obraz — inson.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab kelayotgan inson qadri g‘oyasi ham bugungi taraqqiyotimizning eng muhim mezonlaridan biriga aylanmoqda. Chunki Vatan ham, tarix ham, davlat ham, madaniyat ham, pirovard natijada, inson uchun emasmi? Hatto muqaddas dinimiz va istiqlolning o‘zi ham insonning qadri, erkinligi, ma’naviy kamoloti va baxti bilan chambarchas bog‘liq.
Mening tasavvurimda Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi — o‘z tarixini biladigan, bugunidan g‘ururlanadigan va kelajagiga ishonch bilan qaraydigan navqiron avlod, istiqlol tengdoshlari nigohida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, mustaqillik yillarida san’atimizda ham ulkan o‘zgarishlar yuz berganini nafaqat do‘stlarimiz, balki taraqqiyotimizni xolis baholaydigan xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etmoqda.
Rassom sifatida aytaman: milliy kolorit endi faqat tashqi bezak, naqsh yoki ranglar uyg‘unligi emas. U tobora milliy tafakkurga aylanmoqda. Bu — juda muhim farq.

– Uzoq yillar madaniy merosni asrash, Badiiy akademiya va muzeylar tizimida faoliyat yuritdingiz. Mustamlaka davrida ko‘plab osori-atiqalarimiz, tarixiy yodgorliklarimiz yurtimizdan olib chiqib ketilgan yoki soyada qoldirilgan edi. Mustaqillik bizga tarixiy xotirani qaytardi. Ayting-chi, milliy merosimizni tiklash jarayonida sizni eng ko‘p hayratda qoldirgan tarixiy voqea yoki asar qaysi bo‘ldi?
— Bu savolga bitta yodgorlik yoki bitta asarni ajratib ko‘rsatish qiyin. Chunki Mustaqillik bizga birgina yodgorlikni emas, tariximizning yaxlit manzarasini qaytarib berdi.
Men uchun eng ta’sirli jarayonlardan biri xalqimizning buyuk davlatchilik tarixi, allomalari, ilm-fan, san’at va me’morchilik an’analarining qayta kashf etilishi, boy madaniy merosimizga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarganidir.
Buyuk Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davriga munosabatning o‘zgarishi, Mirzo Ulug‘bek merosining qayta baholanishi, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizdagi obidalarni asrash va tiklash ishlari — bularning har biri milliy o‘zlikni anglash jarayonida ulkan ahamiyat kasb etdi.
Lekin zamondoshlarimiz uchun eng katta kashfiyot — o‘z tariximizga o‘z ko‘zimiz bilan qarash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugun biz tarixiy merosni faqat saqlash haqida emas, uni chuqur ilmiy o‘rganish, raqamlashtirish, restavratsiya qilish va jahon ilmiy-madaniy makoniga olib chiqish haqida gapiryapmiz.
Ayniqsa, bugun O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy singari buyuk allomalar merosini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan ulkan ma’rifiy loyihalar amalga oshirilayotgani tarixiy xotiraga munosabatning yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Bu yerda masala faqat osori-atiqalarni namoyish qilishda emas. Asosiy maqsad ular orqali sivilizatsiyamizni anglash. Mustaqillikning haqiqiy ma’naviy dalili ham ana shunda.
Biz endi tariximizni boshqalarning ta’rifi yoki talqini orqali emas, o‘z ilmiy maktablarimiz, o‘z muzeylarimiz, o‘z tadqiqotchilarimiz va o‘z milliy tafakkurimiz asosida o‘rganib, dunyoga namoyon qilayapmiz. Bu esa milliy o‘zlikni anglashning yangi bosqichidir.
– Bugun mustaqillik yillarida tug‘ilib o‘sgan, dunyoni mutlaqo boshqacha ko‘radigan yangi avlod rassomlari, fotograflari yetishib chiqdi. Ammo hozirgi globallashuv va sun’iy intellekt asrida milliylikni saqlab qolish qiyinlashmoqda. Sizningcha, erkinlikda ulg‘aygan yosh ijodkorlar o‘z asarlarida Mustaqillik bergan ozodlikni qay darajada aks ettira olyaptilar? Ular "o‘zbek san’at maktabi"ning asl ildizlarini raqamli (dijital) asrga yo‘qotmay olib o‘ta olishyaptimi yoki biz milliy koloritni yo‘qotish xavfi ostidamizmi?
— Bugungi yosh ijodkorlarning imkoniyatlari biz yosh bo‘lgan davrdagi imkoniyatlardan mutlaqo farq qiladi. Biz bir paytlar dunyoni kitob, jurnal, ko‘rgazma va safarlar orqali kashf etardik. Rassomlar, san’atkorlar, jahon san’ati haqidagi kitoblarni tanish-bilish orqali, ba’zan esa ancha qiyinchilik bilan topardik. Ayrim kitoblarni hatto kutubxonalardan ham topish mushkul edi. Bugun esa bir necha soniya ichida dunyoning eng mashhur muzeylari, galereyalari, arxivlari va san’at asarlarini ko‘rish, jahonning eng yaxshi rassomlari ijodi bilan tanishish imkoni bor.
Eng muhimi, sun’iy intellekt ham ijodiy jarayonga kirib keldi. Men sun’iy intellektni rassomning raqibi emas, yangi imkoniyat va yangi ijodiy vosita sifatida ko‘raman. Ammo bir narsa o‘zgarmasligi kerak: texnologiya obraz yaratishi mumkin, lekin uning ortida turgan insonning qalbi, xotirasi, milliy dunyoqarashi va ijodiy mas’uliyatini hech qanday algoritm to‘liq almashtira olmaydi.
Aksincha, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida milliy badiiy tafakkurning ahamiyati yanada ortadi. Chunki dunyoda texnik imkoniyatlar tobora o‘xshashib borayotgan bir paytda, insonni boshqalardan ajratib turadigan asosiy kuch — uning o‘zligi.
Shuning uchun o‘zbek tasviriy san’at maktabi deganda men faqat muayyan ranglar, uslublar yoki milliy naqshlarni nazarda tutmayman. Men uchun o‘zbek tasviriy san’at maktabi bu o‘zbek rassomining dunyoni qanday ko‘rishi, tarixni qanday anglashi, insonni qanday his qilishi va o‘z milliy xotirasini zamonaviy badiiy tilda qanday ifoda eta olishidiр.

Bizning vazifamiz yoshlarga faqat texnologiyani emas, tafakkurni berish. Ularga dunyoning eng yaxshi san’atini o‘rgatish bilan birga, o‘z xalqining tarixi, estetikasi, falsafasi, me’morchiligi, miniatyura san’ati, musiqasini va ma’naviy merosini chuqur anglashga o‘rgatishimiz kerak. Shundagina ular jahon san’atiga taqlid qiluvchi emas, jahon san’atiga o‘z so‘zini ayta oladigan ijodkorlar bo‘lib yetishadi.
Men mustaqillikning o‘zbek rassomiga bergan eng katta tuhfasini ham ana shu imkoniyatda ko‘raman: u endi o‘z millatining yangi tarixini shunchaki tasvirlovchi emas, uning yaratilishida ishtirok etuvchi сuбъектdiр. Shuning uchun mustaqillikni san’at uchun faqat yangi mavzular paydo bo‘lgan davr emas, balki milliy badiiy tafakkur qayta o‘z egasiga qaytgan davr, deb baholayman.
– Domla, yangi avlod, sun’iy intellekt va o‘zbek tasviriy san’at maktabining kelajagini qanday ko‘rasiz?
— Bugungi yosh rassomning imkoniyatlari biz yosh bo‘lgan davrdagi imkoniyatlardan mutlaqo farq qiladi. U bir necha daqiqada dunyoning eng yirik muzeylari kolleksiyalari, zamonaviy art-jarayonlar va yangi texnologiyalar bilan tanishishi mumkin.
Sun’iy intellekt ham xuddi shunday — uning imkoniyati undan qanday va nima maqsadda foydalanishimizga bog‘liq. Har qanday vosita, har qanday ish quroli singari, uning qiymati ham undan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanishga borib taqaladi. Shundagina sun’iy intellekt rassomning raqibi emas, ma’lum ma’noda uning dastyori, yangi ijodiy imkoniyatlarini kengaytiruvchi vositaga aylanishi mumkin.
Bundan qariyb 200 yil avval fotografiya ixtiro qilinganida ham «endi rassomlarga ehtiyoj qolmaydi, tasviriy san’at kasodga uchraydi», degan bashoratlar bo‘lgan. Ammo tarix buning aksini ko‘rsatdi. Fotografiya tasviriy san’atni yo‘q qilmadi, aksincha, uning oldida yangi imkoniyatlar va yangi ijodiy savollarni paydo qildi. Sun’iy intellekt bilan ham shunday bo‘lishi mumkin. Ko‘p narsa ijodkorning uni qanday «egarlay olishi», undan qanday maqsadda va qay darajada ongli foydalanishiga bog‘liq.
Albatta, bu yangilikning katta xavflari bor. Shuning uchun insoniyat, ayniqsa ijod ahli nihoyatda hushyor bo‘lishi kerak. Texnologiya inson tafakkurini cheklaydigan yoki uni boshqaradigan qurolga aylanmasligi lozim. Texnologiya qanchalik kuchaymasin, insonning o‘z ovozi yo‘qolib qolmasligi kerak. Bu, ayniqsa, ongi va dunyoqarashi hali shakllanish jarayonida bo‘lgan yosh avlod uchun muhim.
Men yosh ijodkorlarga doimo bir fikrni aytaman: zamonaviy bo‘lish uchun o‘zligingizdan voz kechishingiz shart emas. Aksincha, global dunyoda insonni boshqalardan ajratib turadigan eng katta kuch — uning o‘zligi.
Rahim Ahmedov, Ro‘zi Choriyev, Ne’mat Qo‘ziboyev singari ustozlarimizning rangtasviridagi tafakkur, O‘zbekistonda yashab kelayotgan turli xalq va elatlarning amaliy san’atidagi ramziylik ham milliy badiiy tafakkurimizning beqiyos qatlamlarini tashkil etadi. Ammo biz bu merosni shunchaki takrorlash bilan cheklanib qolmasligimi kerak.
Bugungi inson tasviriy san’at ustasidan yangi qarash, yangi til va yangi badiiy yechim talab qilmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan madaniyat va san’atning, jumladan zamonaviy san’atning eng ilg‘or namunalarini Buxoro biyennalesi kabi yirik xalqaro loyihalar orqali mamlakatimizga olib kirilayotgani, shu bilan birga yosh rassomlarimizni Venetsiya biyennalesi kabi nufuzli konseptual san’at maydonlariga olib chiqishga e’tibor qaratilayotgani — bu sohadagi davlat siyosatining tizimli tus olayotganini ko‘rsatadi.

Shuning uchun men yangi avlod oldiga uchta asosiy vazifani qo‘yar edim. Birinchisi — dunyoni o‘rganish va idrok qilish. San’at olamidagi global jarayonlardan ortda qolmaslik, zamonaviy texnologiya va yangi badiiy tillarni o‘zlashtirish. Ikkinchisi — o‘zligini va o‘z ildizlarini bilish. O‘z xalqining tarixini, buyuk davlat arboblari, olim va allomalari, avliyolari merosini, milliy san’at maktabi, me’morchilik va amaliy san’at an’analarini chuqur o‘rganish. Uchinchisi — o‘z ovoziga ega bo‘lish. Chunki texnologiya tasvir yaratishi mumkin, lekin ma’noni baribir inson beradi.
Bugun milliy koloritni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib yashash emas, balki uni teran anglagan holda oldimizga yanada katta — bugungi, ertangi va undan keyingi davrlar vazifalarini qo‘ya bilishni o‘rganishimiz kerak. Ya’ni, milliy tafakkurni yangi zamonning zamonaviy badiiy tiliga aylantirish lozim. Shunda o‘zbek san’ati faqat o‘zbek auditoriyasi uchun emas, butun dunyo uchun jozibador bo‘ladi. Va, eng muhimi, bugun eshigimizni qoqib turgan kreativ iqtisodiyot uchun ham ulkan imkoniyatlar ochiladi.
Menimcha, XXI asrda «o‘zbek tasviriy san’at maktabi» tushunchasining eng to‘g‘ri ta’rifi ham shu bo‘ladi: O‘zbek tasviriy san’ati ildizi chuqur, tili zamonaviy, tafakkuri umuminsoniy san’atdir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.