“Turon” metro bekatidagi holat: xavfsizlik tizimi qanday ishladi?
2026-yil 16-iyul kuni Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo‘nalishida joylashgan “Turon” metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi siljib tushishi holati kuzatildi.
Hodisa soat 14:34 da qayd etildi. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mazkur bekatda poyezdlar harakati zudlik bilan to‘xtatildi, yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi va mutaxassislar tomonidan texnik o‘rganish ishlari boshlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan bo‘lib, ularga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Bu kabi holatlar transport tizimi uchun noxush voqea hisoblansada, eng muhim jihat — favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik mexanizmlarining qay darajada tez va samarali ishlagani.
Mutaxassislar fikricha, bunday holatlarda asosiy maqsad harakatni davom ettirish emas, balki xavfni to‘liq bartaraf etgunga qadar yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi.
Mazkur hodisadan so‘ng “Qipchoq” va “Quruvchilar” metro bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yo‘lovchilarning manziliga yetib borishida uzilishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga texnik xizmatlar zudlik bilan voqea joyiga yetib keldi, konstruksiyaning holati tekshirilmoqda, nosozlik sabablari o‘rganilmoqda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari boshlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA