Turmushimiz obodligi ko‘zgusi
Yaqinda shirinliklar sotadigan do‘kon yonida sotuvchini alqab duo qilayotgan, nabirasiga nasihatlar aytayotgan onaxonni uchratdim. Farg‘onalik Gulsanam G‘ulomova olti farzandini uyli-joyli, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazgan. Quvonchli kunlar shukuhi, ertangi kunga ishonchi yuz-ko‘zlarida namoyon.
Yaqinda shirinliklar sotadigan do‘kon yonida sotuvchini alqab duo qilayotgan, nabirasiga nasihatlar aytayotgan onaxonni uchratdim. Farg‘onalik Gulsanam G‘ulomova olti farzandini uyli-joyli, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazgan. Quvonchli kunlar shukuhi, ertangi kunga ishonchi yuz-ko‘zlarida namoyon.
– Bir vaqtlar oziq-ovqat mahsulotlari o‘lchab berilardi. Navbatda turardik. Ammo u oilaga qancha kunga yetadi – buni aniq bilmasdik, – deydi onaxon. – Bugun na oziq-ovqat, na kiyim-kechak uchun navbat kutishga ehtiyoj yo‘q. Istagan mahsulotingizni xarid qilishingiz mumkin.
Darhaqiqat, bir paytlar faqat bayramlardagina xarid qilish nasib etadigan noz-ne’matlardan bugun aholining doimiy bahramandligi oddiy holga aylandi. Bu farovon va to‘kinlik, turmushimiz tobora obod bo‘lib borayotgani sharofatidir.
Mamlakatimizda aholining iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish yuzasidan olib borilgan izchil islohotlar o‘z samaralarini bermoqda.
2014-yilda iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9,4 foiz, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,7 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 10 foizga o‘sgani buning yaqqol dalilidir.
Bugungi kunda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biriga aylandi. Mamlakatimiz bo‘yicha o‘nlab kompaniya, xususiy firma va qo‘shma korxonalar qandolat mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Natijada bozor rastalari, savdo markazlaridan shirinliklarning istagan xilini topasiz.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 31-oktabrdagi “2012-2015-yillarda respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qayta ishlash korxonalarini barpo etish, faoliyatini takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida joylashgan «Xonzoda» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi tobora oshmoqda. Sexlarning zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangani korxonada sifatli va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini bermoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasida korxona mahsulotlari qisqa muddatda o‘z xaridorlarini topib ulgurdi.
Yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan korxona rahbari Aziz Mirahmedov tadbirkor sifatida o‘n besh yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholi farovonligini oshirishdek xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.
Korxonada dastlab to‘rt xil shirinlik tayyorlangan bo‘lsa, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar asosida ellikdan ziyod turdagi sifatli qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishchilar soni ham o‘ttiz nafardan oshdi. Bu yerda «ustoz-shogird» maktabi yo‘lga qo‘yilib, yigit-qizlarning hunar o‘rganishi, xususan, kollejlar o‘quvchilarining o‘z bilimini mustahkamlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bu yo‘ldagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda, – deydi A.Mirahmedov. – Bu bizni cheksiz ruhlantiradi. Ayni paytda iste’molchilarga sifatli va bugungi kun talablariga mos mahsulotlar taqdim etishga undamoqda.
Mazkur korxonada tayyorlanayotgan shirinliklar xushta’m va bejirim qadoqlangani bilan xaridorlarga manzur. Mahsulot sifatiga katta e’tibor qaratilgani holda, uni tayyorlashda yuqori sifatli xomashyodan foydalanilayotir.
– Zamonaviy texnologiyalarning ishlab chiqarishga joriy etilgani mahsulot sifatini oshirishda qo‘l kelmoqda, – deydi texnolog-mutaxassis Shokir Abdujabborov. – Bugungi iste’molchining didi nozik, qolaversa, sanoatning rivojlanayotganligi bois tanlash imkoniyati ham keng. Shu sabab faoliyatimizni muntazam takomillashtirib bormoqdamiz.
Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatining takomillashuvi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor bozorlarimiz to‘kinligiga, turmushimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qilayotir.