Turmush sifatini yaxshilash yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda
Ijtimoiy himoya raqamlarda emas, insonlar taqdirida namoyon bo‘ladi. Bu borada Guliston shahrida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Joriy yilning o‘zida 1,1 ming oilaning kambag‘allikdan chiqarilgani, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar, yoshlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun keng ko‘lamli xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Guliston shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 103 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan shaharda qariyb 10 ming nafar fuqaro turli ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan.

— Markaz faoliyatining asosiy maqsadi aholining ijtimoiy ehtiyojlarini erta aniqlash, ularga manzilli xizmatlar ko‘rsatish hamda doimiy ijtimoiy hamrohlik orqali hayot sifatini yaxshilashdan iborat, — deydi Guliston shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Tohir Shomirov.
Markaz mutaxassislari va mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy xavf guruhiga mansub 2 157 nafar daromadi past fuqaro hamda 5 nafar uysiz shaxs aniqlandi. Ilgari ijtimoiy reyestrga kiritilmagan 74 ta muhtoj oila ro‘yxatga olinib, ularning 61 tasiga bolalar nafaqasi tayinlandi. Shuningdek, mazkur oilalardagi 101 nafar bola maktabgacha ta’lim muassasalariga, 41 nafari esa turli to‘garaklarga jalb etildi.
Ehtiyojmand oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 13 ta oilaga imtiyozli kreditlar ajratildi, 8 ta oila quyosh panellari va ko‘chma savdo do‘konlari bilan ta’minlandi, 14 ta xonadon esa «Yashil ta’mir» loyihasi asosida ta’mirlandi. Ana shu chora-tadbirlar samarasida 1,1 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi. E’tiborlisi, ularning 125 tasida jon boshiga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 1,5 million so‘mdan oshdi.

Ijtimoiy himoya sohasida tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari ham izchil kengayib bormoqda. Joriy yilda 938 nafar fuqaroga nogironlik belgilandi. Shundan 191 nafari bolalardir. Yangi tartib asosida 96 nafar fuqaroga nogironlik muddatsiz belgilandi. Shu bilan birga, 33 nafar shaxs reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi, 148 nafar ehtiyojmand protez-ortopediya buyumlari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shaharning to‘rtta mahallasida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda mazkur xizmatdan 55 nafar bola foydalanmoqda. «Faol hayotga qadam» dasturi doirasida esa 71 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs qarab turish xizmati bilan qamrab olindi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 155 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 274 nafar esa adaptiv sport to‘garaklariga jalb qilindi.
Xotin-qizlar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar ham izchil davom ettirilmoqda. Inklyuziv ta’limni rivojlantirish maqsadida shahardagi 13 ta umumta’lim maktabida to‘siqsiz muhit yaratildi va korreksion xonalar tashkil etildi. Natijada inklyuziv sinflar soni 33 taga, ularda tahsil olayotgan bolalar soni 42 nafarga yetdi.
Shuningdek, 412 nafar bolaga vasiylik va homiylik belgilandi, 71 nafar yosh «Yoshlarga hamrohlik» dasturiga jalb qilindi, 17 nafar yosh oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. So‘nggi uch yilda deinstitutsiyalashuv siyosati doirasida 49 nafar bola maxsus ta’lim muassasalaridan inklyuziv ta’lim tizimiga o‘tkazildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan va jamiyatga moslashishga muhtoj fuqarolar ham e’tibordan chetda qolmayapti. Ulardan 43 nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilib, huquqiy va psixologik xizmatlar tashkil etildi.
— Aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va turmush sifatini yaxshilash yo‘lidagi ishlarimiz izchil davom etadi, — deydi Tohir Shomirov.
Umuman, Guliston shahrida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar manzilli yondashuv samaradorligini yanada oshirishga, aholining turmush sifatini yuksaltirishga hamda inson qadrini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ko‘rsatilayotgan har bir yordam insonlarning turmush darajasini yaxshilash va ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri