Turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik
Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Turkiyaning "Yeni Kazan Inshaat" qurilish firmasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yilda tashkil etilgan Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida ayni kunda iqtisod, qurilish, moliya, bank ishi, arxitektura va boshq ixtisosliklar bo‘yicha 750 nafar talaba tahsil olmoqda. Qurilish sohasida mutaxassislarning yuqori malakaga ega bo‘lishlarida nazariy bilimlar va amiliyot uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shundan kelib chiqib institut rahbariyati mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Turkiyaning "Yeni Kazan Inshaat" qurilish firmasi bilan hamkorlik memorandiumini imzoladi.
Hamkorlik doirasida institutda qurilish yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar yozgi va qishki amaliyotni Turkiya firmasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ob’ektlarida o‘tkazadi, firmaning malakali mutaxassislari institutda talabalarga dars beradi, o‘qituvchilarning malakasini oshirishga, institut kutubxonasini sohaga oid adabiyotlar bilan boyitishga ko‘maklashadi.
[gallery-6098]
Shuningdek, hamkorlikni ilk qadami sifatida institutning qurilish yo‘nalishi talabalari, professor-o‘qituvchilari «Yangi Andijon» shaharida "Yeni Kazan Inshaat" qurilish firmasi tomonidan ilg‘or texnologiyalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
– Mazkur hamkorlik talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish, qurilish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishlariga yaqindan yordam beradi, – deydi Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti rektori Nozimjon To‘ychiboyev. – Asosiysi, malakali mutaxsssislar tayyorlash borasidagi ishlarimizni yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.
“Yangi Andijon” shahrida turkiyalik mutaxassislar bilan uchrashuvda o‘qituvchi va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA