Turkiyadan O‘zbekistonga turistlar oqimi 15,1 foizga oshgan
Turizm qo‘mitasida O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasi rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini yanada kengaytirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Buni sayyohlar oqimidagi o‘sish ham yaqqol ko‘rsatmoqda.
2026-yilning yanvar–avgust oylarida Turkiyadan O‘zbekistonga 130,1 ming nafar turist tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,1 foizga ko‘p. Natijada Turkiya O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlar orasida mamlakatga eng ko‘p turist yuborayotgan uchta davlat qatoriga kirdi. Mazkur ro‘yxatda Rossiya va Xitoy ham bor.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtaraklikdan turizmni rivojlantirishda yanada samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Turkiya hududida saqlanib qolgan “o‘zbek karvonsaroylari”ni O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan bog‘liq turistik va madaniy markazlarga aylantirish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi. Bu tashabbus ikki xalqning tarixiy aloqalarini keng targ‘ib etish, madaniy turizm yo‘nalishlarini boyitish va yangi turistik marshrutlarni shakllantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiyada keng targ‘ib qilish maqsadida qo‘shma media-loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Xususan, mamlakatning turistik imkoniyatlarini turk seriallari va boshqa media mahsulotlarida namoyish etish, shu orqali O‘zbekiston brendining xalqaro maydondagi tanilishini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi.
Muzokaralar davomida hududlarda yangi mehmonxonalar va turistik infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga turkiyalik investorlarni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu borada ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli loyihalarni taqdim etish va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Uchrashuvda Turkiyaning Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — TXTY-2026 tadbirida hamkor-davlat maqomida ishtirok etishi bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bu ikki mamlakatning turizm sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlash va yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirish, qo‘shma loyihalarni aniq mexanizmlar asosida ilgari surish va ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik oqimni yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA