Turkiya so‘z aytgandi, endi qaytdimi?
Jumadan jumagacha
Vilnyus sammitiga ketar chog‘ida Turkiya yetakchisi shart qo‘ydi: “Shvetsiyaning NATOga kirishini xohlaysizmi, marhamat qilib, bizni YeIga qabul qiling!”.
Alyans yig‘ilishi oldidan Turkiya, Shvetsiya rahbarlari NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashib olishdi. Muloqot yakuni bo‘yicha Shimoliy Atlantika ittifoqi rahbari “Turkiya Prezidenti Shvetsiyaning NATOga kirishi hujjatlarini parlamentga yuborishga rozilik mujdasini e’lon qilishidan mamnunman”, deb bayonot berdi.
O‘tgan yil iyuldagi Madrid sammitidan beri Anqara Stokgolmdan avvaliga 73 nafar, keyin 130 terrorchini qaytarib berishni so‘rab keladi...
Mahalliy hukumat nashrlari NATO yig‘ilishi natijasini “diplomatik g‘alaba” sifatida baholadi. “Turkiya istaganini oladi, Shvetsiya Alyansga kiradi” singari maqtov gaplar urchidi.
Muxolifat OAV esa davlat rahbari so‘zidan qaytganini iddao qildi...
Hatto, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi ittifoqchisi Millatchi harakat partiyasi yetakchisi Devlet Baxcheli ham mazkur voqeadan mamnun emasligini ochiq bildirdi. U “Stokgolm Qandil (Iroqdagi tog‘li rayon, shu yerda kurd terrorchilari yashirinib yurishadi)ning aksi”, dedi.
“NATO ochiq eshiklar siyosati bizning ichki va tashqi xavfsizligimizdan muhim bo‘lmasligi kerak. Bu ishga ko‘z yumib turilmaydi. Amerikaning “F-16”lari uchun shunga rozilik berish to‘g‘rimikan?”
Bosh muxolifatchi Kamol Qilichdoro‘g‘li “Shvetsiya va’dasini bajarmadi, buning ustida muqaddas kitobimizni yoqishga ruxsat berdi. Bizing hukumat bunga munosib munosabat bildirmadi. Okean ortining bir og‘iz gapi bilan qarashlarimiz 180 darajaga o‘zgarib ketdi”...
Darhaqiqat, Erdog‘an va Bayden bir kun oldin uylaridan turib, telefon orqali suhbatlashdi, ertasiga Vilnyusda bir soatdan ortiq yuzma-yuz gaplashdi.
U bir yil avvalgi gapini yana takrorladi: Talab qilinayotgan “F-16”larni olish uchun millat vakillarini ko‘ndirishga harakat qilaman.
Anqara necha yillardan beri 40 ta yangi uchoq va aviaparkidagi saksonta mashinani ta’mirlash uchun jihoz ololmay sarson.
Endi esa yangi shart – Shvetsiya NATOga kirishi kerak!
Turkiya rasmiy doiralari bunday shart qo‘yilmaganini iddao qiladi, qiruvchi uchoqlarni Shvetsiya ishi bilan aralashtirmaslikni so‘raydi.
Mahalliy ekspertlar Vilnyus sammiti Turkiyaning G‘arb bilan munosabatida burilish yasadi, deyishdi. Litva uchrashuvlaridan keyin bu jarayonda yangi balans o‘rtaga chiqishi kerak, deb hisoblashadi.
Turkiya Shvetsiya va NATOdan muhim imtiyozlarni “undirib” oldi. Xususan, Turkiya va YeI o‘rtasidagi aloqa iliqlashdi, Bojxona ittifoqi, vizasiz rejim masalasida siljish kutilyapti.
Stokgolm ham o‘z navbatida terror guruhlarini “qo‘lga olish”ga so‘z berdi.
Bayden Turkiyaga F-16 uchoqlari berish ustida jiddiy ish olib borishini bildirgani ham muhim, deydi hukumat siyosatchilari.
Tahlilchilar bugun berilgan quruq va’dalar, amalga oshadimi, yo‘qmi, noma’lum, deya “diplomatik g‘alaba” haqida gapirishga hali ertaligini bildirishdi.
Birgina Shvetsiya Turkiyaning YeIga kirishini qo‘llashi yetarli emas. Ekspertlar fikricha, NATO ittifoqchilari orasida savdo to‘siqlari mavjud emasligi to‘g‘rsidagi gaplar ham safsatadan boshqa narsa emas.
AQSH “F-35” samolyotining beshinchi avlodi dasturidan Turkiyani chiqarib yuborgani aniq, deyishadi ular. Sabab – Anqara Rossiyadan “S-400” sotib olgan. O‘zi esa “F-16” berishni paysalga soladi...
Turkiya jamoatchiligi, jurnalistlar va muxolifatdagi siyosatchilar norozilikni Anqara Shvetsiyada Qur’oni Karim yoqilganiga qat’iy javob bermagani bilan izohlashadi.
Jamoatchilik Anqara AQSHdan Suriyaning shimoliy-sharqidagi kurd jangarilariga ko‘mak bermaslikni talab qilishi kerak, deydi. Bu masala ham Turkiyaning milliy xavfsizligiga bevosita ta’sir, suverenitetiga tahdid.
Turkiya jamoatchiligi G‘arbning shuncha va’dasi, diplomatik manevrlarining amaldagi natijasini ko‘rguncha sabr tilaydi.
Mamlakat parlamenti ikki yarim oydan keyin ish boshlaydi, bu vaqtgacha yana qancha suvlar oqib o‘tadi...
Fikrlar, qarashlar, munosabatlar o‘zgarishi hali hech gap emas...
“Don shartnomasi” to‘xtadi. Muqobil yo‘l bormi?
Moskva bir yil avval BMT, Ukraina, Turkiya va Rossiya ishtirokida Istanbulda tuzilgan “don shartnomasi”ni uzaytirishdan bosh tortdi. Hujjat hozirgacha uch marta uzaytirilgan. Oxirgi muddat 17 iyulda tugadi. Prezident Zelenskiy shu kuniyoq Turkiya va BMTga murojaat qilib, Rossiyasiz “don yo‘lagi” yaratib, ishlashni davom ettirishni so‘radi.
Kreml iddao qilishicha, “Amerika va Yevropa Ukraina donini Qora dengiz orqali tashib, keyin ustama haq bilan sotib, yaxshi biznesni yo‘lga qo‘yib oldi. Jahon bozorida rus doni “e’tiborsiz” qoldi. Dengiz orqali yuk tashish narxi oshishi tufayli “to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotish va zarar” yuzaga keldi.
Moskva Qora dengiz orqali o‘tadigan kemalar harakatini murakkablashtirib yuborgan, kemalarni asossiz to‘xtatib, ortiqcha tekshiruvlar o‘tkazib turgan. Shu bois Ukraina hukumati kemachilik kompaniyalari xavfsizligini ta’minlash uchun sug‘urtalash jamg‘armasini tuzishga kirishdi.
Ukraina Don assotsiatsiyasi harbiy tahdidga uchragan kemalar rahbarlariga yetkazilgan zararni qoplashga va’da berdi. Bunday kafolat uchun Yevrokomissiya jalb qilinishini bildirdi.
– Rossiya qo‘shimcha sug‘urta vositasi, tavakkal xarajat singari g‘alamis xatti-harakatlar tufayli har bir tonna dondan 30 dollardan yo‘qotdi, – dedi assotsiatsiya raisi Sergey Ivashenko. – Fermerlarimiz jami milliard dollardan ajraldi.
Shu bois, Rossiyaning Qora dengizdagi harakatiga bog‘lanib qolmaslik maqsadida don eksporti uchun muqobil yo‘l axtarilyapti.
Ukraina g‘arbiy chegarada eksport imkoniyatini oshirish, temir yo‘l rivoji uchun sarmoya kiritish, yuk tashish uchun daryo o‘zanini chuqurlashtirish, yuk tashish terminalini ko‘paytirishni faollashtirishga kirishgan.
Ukraina Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida dengiz bo‘ylab 32 million tonna don va pista yog‘i eksport qilgan. Bundan tashqari, 33 million tonna don, o‘simlik yog‘i va qayta ishlangan mahsulot muqobil yo‘llar bilan xorijga sotilgan.
Ukraina donini Dunay daryosi orqali olib chiqish ham samara berdi. Shu yo‘l bilan qariyb 20 million tonna don va yog‘ olib o‘tildi. 10 million tonna don mahsuloti temir yo‘l, uch tonna yuk avtotransport orqali eksport qilingan.
Daryo bandargohlarini ko‘paytirish ustida ham ish olib borilyapti. Umuman, muqobil yo‘l bilan eksport ko‘rsatkichini 40-42 million tonnaga chiqarish imkoni yaratiladi, deydi mutaxassislar. Shuningdek, Yevropa chegaralarida Ukraina doni hujjatlarini, veterinar nazoratni soddalashtirish yuzasidan muzokara boshlab yuborilgan.
Bu yil Ukrainada 50 million tonnadan ziyod don yetishirish mo‘ljallanmoqda. Omborlarda esa o‘tgan yil hosilidan to‘qqiz million tonna bor.
Ekspertlar aytishicha, Dunay portlariga katta kemalar to‘liq yuk bilan kirolmaydi, sababi daryo Qora dengiz kabi chuqur emas. Shunga qaramay, mazkur yo‘ldan foydalanish kengaytiriladi.
Ukraina temir yo‘llari orqali Yevropaga chiqish varianti ham bor. Faqat bu jarayonda YeI mamlakatlari bilan Ukraina o‘rtasidagi temir yo‘l reyslari orasida muammo yuzaga chiqadi. Ukrainadagi temir yo‘l izi oralig‘i – 1520 mm, YeIda esa 1435 mm, ayrim mamlakatlarda yanayam farqli.
Bundan tashqari, Yevropaning har bir mamlakati o‘z qonuniga ega. Ukrainada to‘liq poyezd tarkibi, deganda o‘rtacha 45-50 yuk vagoni tushuniladi, Yevropada esa og‘ir-yengilligiga qarab, o‘rtacha 25 vagondan oshmasligi kerak.
Tahlilchilar don eksporti uchun muqobil yo‘l muqarrarligi, bunda G‘arb yo‘nalishi muhimligini ta’kidlashadi. Xullas, don tashishda dengiz yo‘lagi bundan keyin ham katta siyosatga bog‘liq bo‘lib qolaveradi...
Sho‘rlik afg‘on ayollari...
Toliblar Afg‘onistonda hukumatga kelishi bilanoq ayollarning ko‘plab haq-huquqlarini cheklay boshladi. Endi ko‘pchilik xotin-qizlar o‘zini jamoat ishidan mahrum, uy qamog‘idagi mahkuma sifatida bilishadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Nada Al-Nashif fikricha, mamlakatda “so‘nggi yigirma ikki oy davomida ayollar va qizlar hayotning barcha jabhalarida kamsitishga duch kelmoqda.
Tashkilot Inson huquqlari kengashi yaqinda e’lon qilgan hisobotda “ayollar va qizlarga nisbatan qattiq, tizimli va institutsiyalashgan kamsitilish toliblarning asosiy mafkurasi va boshqaruv usuli ilan bog‘liq” deyiladi.
2021 yil avgustdan e’tiboran, ayollar oliy ma’lumot olishdan mahrum. Avvaliga universitetlarda erkaklar va ayollar alohida o‘qitilishi ko‘zda tutildi. Qaysidir davrgacha ayollarni faqat ayollar yoki yoshi katta erkaklar o‘qitishga ruxsat berildi. 2022 yil oxiriga kelib, Afg‘oniston ta’lim vazirligi ayollarni universitetdan haydab chiqardi.
Qancha xotin-qiz o‘qishdan chetlatilgani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. YUNESKO 2018 yil 90 ming ayol o‘qishga kirganini e’lon qilgan edi...
Toliblar bunday taqiqni ayol talabalarning hijob kiyib yurishidagi nuqsonlar va ta’lim maskanida erkak-ayol aralash o‘qitilishi kuzatilgani bilan oqlagan.
Ayrim OAV ayollar onlayn ta’lim olishga urinayotganini yozadi. Shu bilan birga, mamlakatda internet yaxshi ishlamasligi ham ta’kidlanadi.
Afg‘on ayollariga, shuningdek, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga izn yo‘q. Xalqaro mehnat tashkiloti aytishicha, o‘tgan yil 2021 yilga nisbatan mehnat bozoridagi ayollar ulushi 25 foiz qisqargan.
Toliblar BMT va nodavlat tashkilotlarda ayollar ishlashiga ruxsat bermaydi. Buning oqibatida “Bolalarni qutqaring!”, Norvegiyaning “Qochoqlar”, “CARE” singari qator xalqaro nohukumat tashkilotlar yopildi. Ko‘plab loyihalar ayollar ishtiroki bo‘lmagani uchun faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Minglab ayol xizmatchilar ishdan bo‘shatildi.
Hukumat qarori bilan Afg‘onistonda “shariatga zid”, deya minglab “Go‘zallik salonlari” yopildi. Bu maskanlar ko‘plab ayollar pul topadigan, dugonalari bilan uchrashib turadigan xavfsiz joy edi.
Afg‘oniston dunyo mamlakatlari ichida ayollar, onalar va bolalar uchun eng xavfli hisoblanadi. Bu yerda har yili o‘rtacha ming nafargacha ayol homiladorligida yoki tug‘ish paytida vafot etadi.
Ko‘pchilik oziq-ovqat yetishmasligi sababli homiladorlik davrini og‘ir kechiradi. Farzandni dunyoga keltirib, oyoqqa qo‘yguncha, yana ancha mashaqqat.
“Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti toliblar taqiqi ayollarning tibbiy xizmat olish darajasini ancha pasaytirib yubordi, deydi. Bunga ayollarning ko‘cha-ko‘yda harakatlanishiga qo‘yilgan cheklov sabab bo‘lmoqda.
Kasalxonalar turar-joylardan ancha uzoq joylashgan, buning ustiga ayollar ko‘chaga “mahram”i bilan, ya’ni otasi, eri yoki aka-ukasi xamrohligida chiqishi shart.
Toliblar qonuniga ko‘ra, xasta ayollar faqat ayol mutaxassis xizmatidan foydalanishi mumkin. Shifoxonalarda ayollar ishlashiga keskin qarshilik yo‘q, qishloq tumanlarida esa bunday imkoniyatning o‘zi yo‘q.
Ayollarning sport jamoqlari musobaqalarda ishtirok etishga yo‘l qo‘maydi. Mamlakat milliy jamoalari a’zolari Avstraliyada qochoq maqomida yurishga majbur bo‘lmoqda.
Toliblar qarori bilan ayollar Afg‘onistonda istirohat bog‘i, jamoat basseyni, sport zali yoki klubiga borishi mumkin emas. Boshqacha aytganda, ayollar sport bilan shug‘ullanishiga izn yo‘q.
Eh, peshonasi sho‘r afg‘on ayollari!..
Buguncha shu.
Xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi