Turkiya osmonida bugun kechasi soatiga 100 tagacha meteor oqimini ko‘rish mumkin
Bugun, 12-avgustdan 13-avgustga o‘tar kechasi Turkiya osmonida yilning eng diqqatga sazovor osmon hodisalaridan biri – Perseidlar meteor oqimi (uchar yulduzlar) eng yuqori faollik bosqichiga chiqadi. Istanbuldagi qulay ob-havo va ochiq osmon sharoitida soatiga 100 tagacha meteorni ko‘rish imkoni bor.
Perseidlar meteor oqimi har yili 17-iyuldan 24-avgustgacha faollashadi. Eng yuqori nuqta odatda avgust oyi o‘rtalariga to‘g‘ri keladi.
Qandilli rasadxona O‘zAga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu kecha Oyning yorug‘ligi atigi 1,8 foizni tashkil etadi. Shu bois noyob hodisani tun bo‘yi kuzatish mumkin. Eng qulay vaqt yarim tundan keyin boshlanadi. Meteor mahalliy vaqt bilan 05:00-07:00 oralig‘ida faollashadi.
Meteorlar atmosferaga juda katta – o‘rtacha 59 kilometr/soniya tezlikda kirib kelib, samoning turli qismida paydo bo‘ladi. Perseidlarni kuzatish uchun maxsus teleskop yoki durbin talab etilmaydi. Aksincha, keng hududda ko‘rinishi bois, oddiy ko‘z bilan kuzatish qulayroq. Kuzatuvni boshlashdan avval ko‘zni qorong‘ulikka moslashtirish zarur. Shuning uchun taxminan 20 daqiqa oldin telefon, kompyuter kabi yorqin ekrandan, kuchli chiroqdan uzoqroq bo‘lish tavsiya etiladi. Shuningdek, shahar yorug‘ligidan uzoq, osmon keng ko‘rinadigan ochiq joy tanlash ham meteorni kuzatish imkonini sezilarli darajada oshiradi.
Nodira Qayumova,
O‘zA