Turkiy dunyo ijodkorlari Andijonda
Shu yil 21-22-avgust kunlari Andijonda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi hamda "2026-yil — Ziyo Ko‘kalp yili"ga bag‘ishlangan xalqaro ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Ana shu tadbirlarda ishtirok etish uchun Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi vakillari Andijonga yetib keldi. Mehmonlarni Andijon temir yo‘l vokzalida shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari o‘zbekona mehmondo‘stlik, karnay-surnaylar bilan kutib oldi.


TURKSOY, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari raislari, ularning o‘rinbosarlari, olimlar, tadqiqotchilar hamda adabiyot olamining yetakchi vakillari ishtirok etadi.

Ikki kun davomida Andijon adabiyot, she’riyat va ijodiy muloqotlar markaziga aylanadi. Mazkur nufuzli anjuman turkiy xalqlarning mushtarak adabiy merosi, ma’naviy qadriyatlari va ijodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.



Ma’lumot o‘rnida: TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi 2023-yilda Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan TURKSOY Bosh qarorgohida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Yevrosiyo yozuvchilar uyushmalari umumiy irodasi asosida tashkil etilgan. Uyushma turkiy dunyoda adabiyot sohasida faoliyat yuritayotgan yozuvchilar uyushmalarini yagona tuzilma atrofida birlashtirish, qo‘shma loyihalar va tadbirlarni tashkil etish, adabiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.