Turizm sohasiga bugungi kun nigohi
O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qator qonun hujjatlari ishlab chiqilgan. Ushbu qoidalarning asosiy maqsadi sohadagi barcha munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 21 iyunda ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi turizm to‘g‘risidagi qonunining 3-moddasida sohaga oid asosiy tushunchalar - gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, mustaqil turizm, turizm sohasining sub’ektlari, tur, turizm, turist, ekskursant, ekskursiya yetakchisi kabi atamalar keltirilgan. Masalan, «gid-tarjimon» atamasi axborotga oid va tashkiliy xizmat ko‘rsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha bo‘lish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik ko‘rgan shaxsni bildiradi. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxs yoki tur haqida gapirsak, ushbu jarayon turistik xizmatning kamida ikkita turini o‘z ichiga olgan turistik xizmat majmuasi bilan ta’minlangan, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha aniq muddat belgilangan sayohatga aytiladi. Bu qonunlarning asosiy tamoyillari ekskursantlar, turistlar va soha sub’ektlarining huquqi, erkinligi, qonuniy manfaati hamda xavfsizligi himoyasi ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoit yaratish zarurligi, sohada tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish lozimligi, sohada oshkoralik va ochiqlik barqaror bo‘lishini ko‘zda tutadi.
O‘zbekistonda yosh avlodning huquqini himoya qilish, intellektual salohiyatini rivojlantirish, qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashini rag‘batlantirish, salomatligini ta’minlash, mustaqil hayotga qadam qo‘yishiga ko‘maklashish asosiy vazifa sifatida qaraladi.
Turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizim oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. bugungi kunda oliy o‘quv yurti bitiruvchilari xalqaro standart talablariga javob bera olmaydi. Oliy ta’lim muassasalarini tugatgan yosh kadrlar ishlab chiqarishning o‘sish jarayoniga zamonaviy xizmat ko‘rsatish metodlarini, innovatsion g‘oyalarni, sog‘lom ruhiyatni joriy etib, tashkilot menejerlari tajribasi oshib borishiga yordam berishi muhim hisoblanadi. Yana bir dolzarb muammo ta’lim berish jarayoni mehmonxona, restoran, sayyohlik firmalari zamonaviy ish faoliyatidan farq qilishi. Ya’ni, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar orqada qolib, tashkilot, muassasalarda ish jarayoni oldinlab ketgan.
Chet eldagi mehmonxonalar faoliyati O‘zbekistondagidansezilarli farq qiladi. Masalan,bizda ish beruvchining ehtiyoji to‘liq qondirilmayapti. Oliy o‘quv dargohlari bu masalalarni yetarli qamrab olmagan. Malakali kadrlar tayyorlash jarayoni namunali yo‘lga qo‘yilmagan. O‘quv kursi tugashi bilan mehmonxonaga yoki biror restoranga ishga kelgan bitiruvchi xuddi osmondan tushgandek, go‘yo! Yana bir jiddiy muammo - ko‘p joyda tanish-bilishlik, qarindosh-urug‘chilik, “eplab ketadi” qabilidagi so‘zlar xizmat ko‘rsatish sohasida bir talay kamchilik, muammolarni keltirib chiqarmoqda. Sababi juda oddiy! Zero, huquq o‘qituvchisi restoranda faoliyat olib borishi, jismoniy tarbiya fakulteti bitiruvchisi mehmonxona administratori o‘rnida ishlashi mutlaqo o‘rinsiz. Oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kadrlar, asosan, menejment, biznes boshqaruvi, marketing, moliyalashtirish sohalarini mukammal o‘zlashtiradi. Yana bir kamchilik- suhbat etikasi va nutqiy faoliyatda madaniy muloqot pastligi bilan bog‘liq. Mehmonxonaning ichki tuzilishi haqidagi ma’lumot ham hammada mavjud emas. Odamlar “roomservice”, “housekeeping”, “consurge” kabi oddiy tushunchalar haqida ma’lumotga ega emas. Kamchiliklar sababi esa amaliyot jarayoni mukammal tashkil etilmaganiga borib taqaladi.
Chet el tajribasiga nazar solsak, xorijiy ta’limning afzalliklari ko‘pligiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni, turizm rivojlangan davlatlarda oliy ta’limni tamomlagan talabalar mehmonxona yoki servis sohasida yaxshigina amaliy tayyorgarlikka ega bo‘lishadi. Yana bir muhim ma’lumot: Shveysariyaning “Luzan mehmonxona xo‘jaligi oliy oquv yurti” kolleji malakali kadrlar tayyorlaydi. O‘quv jarayonida 50 foiz nazariy bilim berilsa, 50 foiz amaliyot o‘tiladi. Har bir ta’lim oluvchi tahsil jarayonida muayyan muddat ham oshxonada, ham «housekeeping», ham «roomservice» bo‘yicha o‘zini sinab ko‘rgan, yetarli malaka olgan bo‘ladi. O‘zbekiston bilim dargohlarida ham kam miqdorda bo‘lsa-da, nazariy va amaliy bilim birga olib boriladi. Baribir, tan olish kerak, korxona ish jarayonida amaliyotchi talabaga vaqt ajratishi qiyin.
Ko‘rinib turibdiki, o‘quv jarayonidagi amaliyot, ya’ni, amaliyotni oliy o‘quv yurtining o‘zida tashkil qilish muhimahamiyatga ega. Hukumatimiz tomonidan o‘quv yurtiga ajratiladigan tajriba va amaliyot uchun ixtisoslashgan mehmonxona yordamida bilim va ko‘nikma darajasini ko‘tarish mumkin.
Turizm sohasidagi faoliyat jarayonida turli xil insonlar bilan muloqot natijasida har bir kishi o‘z xarakteriga, qarashiga, mustaqil fikriga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra, xodim xushmuomala, xushxulq, tushunuvchan va doim quloq sola oladigan bo‘lishi shart. To‘g‘ri, xodim doimo xushchaqchaq bo‘lishi yaxshi va shu bilan birga, yuzdagi doimiy kulgi ham odamning jigiga tegishi mumkinligini unutmaslik kerak. Xodim doimo mehmon uchun qulay sharoit yaratib bera oladigan, mijozni jalb qilish usullarini o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. O‘z navbatida, har bir xodim psixolog ham bo‘lishi shart.
Fikrimcha, o‘quv dargohlarida ayni jihatga jiddiy e’tibor qaratish, vaqti-vaqti bilan trening, tashviqot ishlarini olib borish muhim. Xizmat ko‘rsatuvchi mehmonni qancha yaxshi tushunsa, unga qancha yaxshi xizmat ko‘rsatsa, mijozni o‘ziga shuncha tez jalb qila oladi. Qaysi mahsulot yoki xizmatni taklif qilishni biladi, shuncha ko‘p foyda oladi. Natijada mehmon doimiy xaridor yoki mijozga aylanishiga erishish mumkin. Malakali xodim, avvalo, komil inson bo‘lishi lozim. Xizmat ko‘rsatuvchi juda ko‘p shartga javob bera olsagina, malakali va kerakli xodim hisoblanadi. Tabiiy holda, Yevropa muhitidagi restoranda ovqatlanishga o‘rgangan mehmon o‘ziga nisbatan alohida e’tibor talab qiladi.
Shu o‘rinda “Nima sababdan Yevropa davlatlarida ko‘pincha odamlar restoran yoki kafeda ovqatlanadi” degan savol tug‘iladi. Bizningcha, ular o‘ziga nisbatan oliy darajadagi muomala madaniyatini his qilishni xahlashadi. Bu holat ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Shunday ekan, kimki o‘z restoranida ko‘proq turistlar ko‘rishni xohlasa, shunday xizmat ko‘rsatilishini tashkil qila olishi juda muhim. Xizmat ko‘rsatuvchini ishga olishda uning harakatchanligi, qobiliyati, muomala madaniyatiga alohida e’tibor qaratish zarur. Xizmat ko‘rsatuvchining sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishi ham tashrif buyurgan mijozga yoqimli yoki yoqimsiz tuyulishi mumkin. Xizmatchi o‘zining ozodaligi haqida qayg‘ursa yoki tashqi ko‘rinishiga e’tibor qilsa, muassasaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shiladi. Tanlangan ish formasi doimo chiroyli va toza turishi, qo‘l va barmoqlar toza-ozoda bo‘lishi lozim. Binoda xushbo‘y hid taralib tursa, nur ustiga a’lo nur.
D.Xudoyberdiyeva,
JIDU magistranti