Tur yakunlari
O‘zbekiston Superligasida 9-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Turni "Surxon" - "Mash’al" qarama-qarshiligi ochib berdi. O‘yinning ilk taymida hisob ochilmadi, ammo 60-daqiqada g‘uzorliklar a’zosi Samandar Ochilov penaltidan hisobni ochdi va hammasi "Mash’al"ning turnirdagi ilk g‘alabasiga qarab ketayotgandi. Biroq Chinedu 84-daqiqada oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. 90+2-daqiqada esa Kamron Yusupov aynan Chineduning uzatmasidan so‘ng hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi va "Surxon" kambek sohibiga aylandi.
Turnir peshqadami sanalgan "Paxtakor" esa bu turda ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan "Buxoro" bilan bahs olib bordi. Uchrashuvda Bashar Resan tomonidan 15-daqiqada kiritilgan gol yagonaligini saqlab qoldi va "sherlar" peshqadamlikni davom ettiradigan bo‘ldi.
Turnir ikkinchi kungi o‘yinlari ancha gollarga boy o‘tdi. Xususan, "Nasaf" hamda "Lokomotiv" ishtirokidagi bahsda muxlislar 5 ta gol guvohi bo‘ldi. Dastlab, Sharof Muhitdinov 23-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Sardor Mirzayev taym yakunlanishi arafasida oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Ikkinchi bo‘limda esa Temurxo‘ja Abdixoliqov 63-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda "temiryo‘lchilar"ni oldinga olib chiqdi. 73-daqiqada esa Oybek Rustamov o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘di va farq ikkitagacha oshdi. Faqatgina Yusuf Otubanjo 88-daqiqada hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. "Ajdarlar" o‘z maydonida poytaxt klubiga mag‘lub bo‘ldi.
"Dinamo" - OKMK bahsi ham qiziqarlilik jihatdan "Nasaf" - Lokomotiv" o‘yinidan qolishmadi. O‘yinning ilk daqiqasidayoq OKMK a’zosi Abror Karimov o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 21-daqiqada esa "Dinamo"ning tajribali futbolchisi Salim Mustafoyev qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shunga qaramay, samarqandliklar 31-daqiqada Jaloliddin Jumaboyevning goli orqali farqni ikkitaga yetkazdi. Biroq ikkinchi bo‘lim to‘liq OKMKning ustunligida o‘tdi. Aziz Xolmurodov va Urosh Koyich tomonidan kiritilgan gollar evaziga Mirjalol Qosimov shogirdlari bir ochkoga ega chiqdi.
"Navbahor" hamda "So‘g‘diyona" o‘rtasidagi o‘yinda jamoalar murosa ko‘chasini tanladi. Lyupcho Doriyev 71-daqiqada o‘zining ajoyib harakatlari orqali jizzaxliklarni oldinga olib chiqdi. 90+4-daqiqada esa Islombek Mamatkazin "lochinlar"ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golga mualliflik qildi.
9-turdan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Andijon" bahsida "burgutlar" uzoq kutilgan g‘alabani tantana qildi. 6-daqiqadayoq Imeda Oshirtia hisobni ochgan bo‘lsa, 71-daqiqaga kelib Usmonali Ismonaliyev farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. 73-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan Azizbek Turg‘unboyev hisobni yirik 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. 90+3-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda esa Narimon Ahmadjonov "qaldirg‘ochlar"ni yirik mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Yakuniy natija 3-1. "Andijon" foydasiga.
"Qizilqum" - "Qo‘qon-1912" bahsida Toma Tabatadze hisobni ochgan bo‘lishiga qaramay, navoiyliklar qisqa muddat ichida kambek amalga oshirdi. Akmaljon Muzaffarovning 21 hamda 32-daqiqada kiritgan gollari "Qizilqum"ga navbatdagi uch ochkoni taqdim etdi.
Turnirning asosiy favoritlaridan biri sanalgan "Neftchi" "Xorazm" maydoniga safar qilib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Stipe Peritsa 14-daqiqada hisobni ochdi. Abrorbek Ismoilov esa 64-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ayni vaqtda Superliga turnir jadvalida "Paxtakor" hamda "Neftchi" raqiblaridan ancha ildamlab ketgan holda, bir va ikkinchi o‘rinlarni band etib turibdi. Ularning har ikkisida 24 ochko bor. 19 ochkoga ega "Navbahor" esa kuchli uchlikka yakun yasagan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ABnNHpZATFM" title="O`zbekiston Superligasida 9-tur yakunlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudayqulov, O‘zA