Tuproqsiz ham yuqori hosildorlikka erishish siri yaxshi o‘zlashtirilmoqda
Bu bir gektarlik issiqxona deyishdi. Kirdik. Ostona xatlab qanday hisni tuyganimni aytsam, ishonmaysiz. Ichkarida chaqaloq uxlayotganday. Yorug‘ va keng sath bo‘ylab qulupnaylar pishib yotibdi...
Yaqin o‘n yilliklarda ham qishloq xo‘jaligi deyinganda ko‘z oldimizda butunlay boshqa holat jonlanardi. Matoridan qora moy oqib turgan bahaybat traktor yerning bag‘rini yorgancha dalaning bu boshidan u boshiga borib keladi. Texnikaning ortida esa qarg‘alar g‘ujg‘on aylanar edi.
Narpay tumanidagi issiqxona. Bu yerda o‘sha traktor shovqini emas, balki monitorda qandaydir sirli yonib o‘chayotgan chiroqchalarga ko‘zimiz tushadi. Kompyuter ekranlaridagi raqamlar harakatida ham ma’no bor. Ha, bugun qishloq xo‘jaligi degani faqat yerni ag‘darish, og‘ir texnika haydash emas. Ilm, aniq hisob-kitob, sun’iy intellekt va resurs tejamkor texnologiyalar sohaning yangi qiyofasini belgilab bermoqda.
[gallery-28571]
Dunyodagi aksar agrar davlatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham zamonaviy agrotexnologiyalar bozor talabini tezkor qondirishning eng muhim omiliga aylanmoqda.
Samarqand azaldan dehqonchilik madaniyati yuksak hudud sifatida tanilgan. Bu yerda suv va yerdan foydalanishning o‘ziga xos maktabi shakllangan. Narpay tumani ham har qarich yer va har litr suvdan foyda olish borasida o‘ziga xos tajribaga ega.
Bugun “Narpay qulupnay” korxonasi faoliyati ham alohida e’tiborga molik. Gidroponika texnologiyasini joriy etgan mazkur loyiha mamlakatda innovatsion qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbari 18-mart kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida ana shu tadbirkorlik sub’ekti faoliyati bilan tanishgan edi.
Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollar. Bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Bu bir qarashda oddiy raqamdek tuyuladi. Xalqaro amaliyotda esa bir gektarlik gidroponika issiqxonasi o‘rtacha 40–60 tonnagacha mahsulot beradi. Demak, loyiha nafaqat moliyaviy jihatdan, balki texnologik samaradorligi bilan ham ahamiyatli.
Bugun korxona mahalliy yirik savdo tarmoqlariga mahsulot yetkazib bermoqda. Ekologik toza, ma’lumoti aniq monitoring qilinadigan, sifatini laboratoriyalar tasdiqlaydigan bunday mahsulotlarga talab ortib bormoqda.
Korxonaning ijtimoiy ahamiyati ham katta. Hozirgi kunda bu yerda 20 nafar qishloq aholisi doimiy ish bilan ta’minlangan. Mavsumlarda yana 15 nafargacha ishchi jalb qilinadi. Gidroponika texnologiyalari amaliy jihatdan kam sonli mutaxassis talab qilsa-da, ularning malakasi yuqori bo‘lishi kerak. Bu esa mahalliy kadrlar tayyorlash, yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘rgatish uchun yangi imkoniyat yaratadi.
– Davlatimiz rahbari Samarqandga tashriflari chog‘ida mamlakatimizda bu kabi majmualarni ko‘paytirish, sun’iy intellekt imkoniyatlarini qo‘llagan holda hosildorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdilar, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev. – Shu korxonada qulupnay ikki qavat formatida parvarishlanmoqda. Buni besh qavatgacha ko‘tarish imkoniyatlari haqida so‘z bordi. Bu tajribani Narpay tumanidagi ellikdan ortiq mahallaga, tomorqalarda qo‘llash zarurligi aytildi. Yetishtirilgan mahsulotlarning eksporti bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi. Vazifalarning ijrosiga mas’ullar kimlar ekani aniq ko‘rsatib o‘tildi. Demak, bu tashabbus boshqa hududlarga ham keng yoyiladi.
Gidroponikada qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida o‘sadi. O‘simlikning energiyasi ildizning yerga botishiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sish va mevaga yo‘naltiriladi. Bu hosildorlikni bir necha baravar oshiradigan omil. Dunyodagi yetakchi gidroponika markazlarida ana shu yondashuv gektarga nisbatan an’anaviydan to‘rt baravargacha yuqori hosil berayotgani isbotlangan.
Texnologiyaning yana bir asosiy ustunligi suv tejamkorligidir. Gidroponikada suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. Bu faktning ahamiyati O‘zbekiston sharoitida, ayniqsa, muhim. Kelgusi o‘n yilda suv resurslariga bosim oshishi kutilayotgani xalqaro tadqiqotlarda ham qayd etilgan. Demak, bunday texnologiyalar strategik ahamiyat kasb etadi.
Mazkur issiqxonada suvni tejash uchun yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi, quyosh panellari, avtomatlashtirilgan o‘g‘itlash va nazorat uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradigan, mahsulot tannarxini barqaror ushlab turadigan muhim omil.
Kelgusida tadbirkor oltmish gektarlik qo‘shimcha issiqxona barpo etishni rejalashtirmoqda. Buyillik ishlab chiqarish hajmini 300 ming tonnagacha yetkazish imkonini beradi. Real salohiyatga asoslangan bu rejalar agroeksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari ochish va yangi brendni xalqaro bozorga olib chiqish uchun zamin yaratadi.
Narpay tumanidagi bunday loyihalar nafaqat Samarqand, balki mamlakatning barcha hududlarini innovatsion qishloq xo‘jaligiga o‘tishga undamoqda. Suv resurslari tanqis, yer maydonlari cheklangan barcha hududlarda bu tajriba yaxshi samara beradi.
Shu ma’noda, gidroponika usuli agrar siyosatda yangi bosqichni belgilayotgan strategik yo‘nalishga aylanib bormoqda. Eng muhimi, bu jarayon dehqonchiligimizning qadimiy mehnat madaniyatini zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirmoqda. Natijada milliy brendlarni xalqaro bozorga olib chiqish imkoniyati kengaymoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA muxbirlari