Tuproq o‘zanli kanallar betonlashtirilmoqda
Sayxunobod tumanida suv resurslaridan samarali foydalanish va suvni tejash maqsadida U-12-2a tuproq o‘zanli sug‘orish tarmog‘ini betonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu esa suv yo‘qotishlarni keskin kamaytirish hamda sug‘orish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tarmoqning suv o‘tkazish qobiliyati soniyasiga 500 litrni tashkil etadi. U orqali 9 ta fermer xo‘jaligining qariyb 500 gektar ekin maydonlari, shuningdek, 131 ta aholi xonadonlariga tegishli 38 gektar tomorqa yerlari sug‘oriladi. Shu bois kanalning texnik holatini yaxshilash hudud qishloq xo‘jaligi uchun dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
– Ma’lumki, tuproq o‘zanli kanallarda suvning katta qismi infiltratsiya, ya’ni yer ostiga sizib ketish orqali yo‘qotiladi, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Muxtorov. – Ayni paytda U-12-2a tarmog‘ida foydali ish koeffitsiyenti 65 foizni tashkil etmoqda, ya’ni suvning qariyb 35 foizi yo‘qotilmoqda. Bu holat suv tanqisligi sharoitida mavjud resurslardan to‘liq foydalanish imkoniyatini cheklaydi.
Kanallarni betonlashtirish orqali mazkur muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Ilmiy tahlillar ko‘rsatishicha, beton qoplamali kanallarda suv yo‘qotish darajasi 5–10 foizgacha kamayadi. Natijada tarmoqning foydali ish koeffitsiyenti 90 foizgacha oshadi va suvdan foydalanish samaradorligi sezilarli darajada yaxshilanadi.
Shu bilan birga, betonlashtirish gidravlik qarshilikni kamaytiradi, suv oqimining barqarorligini ta’minlaydi hamda belgilangan hajmdagi suvni tez va uzluksiz yetkazib berish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, cho‘kindi va o‘t-o‘lanlar kamayishi hisobidan foydalanish xarajatlari qisqaradi, inshootning xizmat muddati esa uzayadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday yangilanishlar natijasida sug‘orish tizimi takomillashib, ekinlar hosildorligini o‘rtacha 10–15 foizga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek, suvning ortiqcha yer ostiga sizib ketishi kamayishi yerlarning sho‘rlanishi va botqoqlanishining oldini olishda ham muhim omil hisoblanadi.
– Eng muhimi, bu boradagi ishlar nafaqat Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida, balki viloyatning boshqa hududlarida ham izchil amalga oshirilmoqda. Natijada suv sarfi qisqarib, ortiqcha xarajatlar tejalishiga erishilmoqda, – deydi Jasur Muxtorov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri