Tuman hokimi aholiga murojaat qildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman hokimi Erkin Alimov tuman ahliga murojaat qildi.
Tuman rahbari o‘z ma’ruzasida joriy yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga hamda 2022 yilgi rejalari haqida fuqarolarga batafsil axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, tumanda sanoat sohasida 2020 yilda ishlab chiqarish hajmi 190,1 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 11 oylik davrida bu ko‘rsatkich 196,1 milliard so‘m, ya’ni, 102,8 foizga o‘sdi. Joriy yil yakuni bilan ushbu natija 255,8 milliard so‘mni, ya’ni, 134,5 foizga yetkazilishi kutilmoqda.
[gallery-5167]
Hokim o‘z ma’ruzasida tumanda tadbirkorlar soni o‘tgan 5 yilda 4 baravar, ya’ni 304 tadan 1380 taga ko‘paygani, shundan sanoat korxonalari soni 256 taga yetgani hisobiga tuman agrar tumandan sanoatlashgan agrar tuman qatoriga kirayotganini bildirib, 2022 yilda qiymati 49 milliard 300 million so‘mlik 14 ta yangi loyihaning ishga tushirilishi hisobiga sanoat mahsulotlari hajmi 312,4 milliard so‘mga, o‘sish surati esa 109,3 foizga yetkazilishi rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, 2022 yilda hududda qiymati 23 milliard so‘mlik 11 ta yirik investitsiyaviy loyiha hamda bir qancha kichik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishga tushirilib, xizmat ko‘rsatish hajmi 585,6 milliard so‘mga, o‘sish surati esa 112 foizga yetkazilishi mo‘ljallangan.
Tumanda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish joylarini yaratish rejasiga asosan, 2021 yilning 11 oyida 1172 ta ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 1438 ta ish o‘rni yaratildi.
2022 yilda yangi ish o‘rni yaratish hisobiga jami 26 ming 876 nafar aholi ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida 2022-2026 yillarda tuman markazida 14 ta 280 xonadondan iborat 5 qavatli turar-joy binolarini qurish rejalashtirilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA