Triatlon: Harbiy sportchilarimiz g‘alabasi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining xabar berishicha, Ispaniyaning Lansarote shahrida triatlon bo‘yicha harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan XXII jahon chempionatida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi dunyoning 14 mamlakatidan 154 nafar nomdor triatlonchi qatnashgan bahslar natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Terma jamoamiz vakillari triatlon bo‘yicha dunyoda kuchli hisoblangan Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya kabi mamlakatlarning sportchilarini ortda qoldirdi.
Yakkalik bahslarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchisi Alina Hakimova barcha ishtirokchilar orasida shaxsiy birinchilikda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 18-24 yoshgacha bo‘lgan sportchilar orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Alina joriy yil oktyabr oyida Kona shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan triatlon bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish huquqini beruvchi litsenziyaga ham ega bo‘ldi.
O‘zbekiston sharafini xalqaro sport maydonida ulug‘lagan sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
T.Ro‘ziyev