Trampning yangi oltin koni – kripto valyuta
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan yil davomida kripto valyuta loyihalaridan 1,4 milliard dollardan ko‘p daromad olgan. E’lon qilingan moliyaviy hisobot ko‘rsatdiki, davlat rahbarining asosiy boylik manbai endi an’anaviy biznes emas, balki raqamli aktivga aylangan.
Amerika rahbari va uning o‘g‘illari asos solgan “World Liberty Financial” kompaniyasi qariyb 800 million dollar foyda ko‘rgan. Bu pulning salmoqli qismi kripto token savdosi va korxona ulushini sotish orqali to‘plangan. Shuningdek, Tramp nomi bilan chiqarilgan mem-kripto valyuta sotuvidan ham 635 million dollar ishlangan.
Bu muvaffaqiyat tasodif emas. Tramp Oq uyga qaytgach, sohani qo‘llab-quvvatlovchi qator qarorlar qabul qildi. Jumladan, raqamli aktiv bozori uchun yangi qoida joriy etildi, nazorat siyosati yumshatildi. Bu qadam kripto sanoat vakillari tomonidan ijobiy baholandi.
To‘g‘ri, Prezidentning an’anaviy biznesi ham daromad keltirishda davom etyapti. Golf klublari va kurortlardan tushgan pul 500 million dollar. Ayniqsa, Floridadagi mashhur Mar-a-Lago majmuasi foydasi keskin o‘sgan.
Tanqidchilar ayni holat manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi bahsni yana avj oldirishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Amaldagi qonunchilik yetakchi bunday aktivga egalik qilishini taqiqlamasa-da, ayrim ekspertlar davlat rahbari uchun moliyaviy cheklovni kuchaytirish vaqti kelganini ta’kidlamoqda. Tramp esa doim faoliyati to‘liq qonuniy va shaffofligini takrorlab keladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA