Tramp Oq uyni farmonlar fabrikasiga aylantiryaptimi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp boshqaruv muddatining dastlabki to‘qqiz kunida Oq uy zamonaviy tarixi uchun rekord darajadagi 38 farmonni imzoladi. Bu haqda “Axios” portali yozgan.
– Tramp federal hukumatni “zarba va qo‘rquv” kampaniyasi yordamida tubdan qayta isloh qilyapti, – deyilgan xabarda. – Bu Prezident hokimiyati chegaralarini buzib tashlamoqda.
Nashr ta’kidlaganidek, hech bir Amerika yetakchisi qisqa vaqt ichida buncha ko‘p farmoyish chiqarmagan. Prezidentlik faoliyatining birinchi yuz kunida faqat Garri Trumen va Jo Bayden 40 dan ortiq buyruqni imzolagan. Hozirgi davlat rahbarining sur’ati bu ko‘rsatkichdan sezilarli darajada tez.
Tramp ijroga yo‘naltirgan hujjatlar tashqi siyosat va immigratsiya nazoratidan tortib, iqtisodiy choralar va hukumat mablag‘ini cheklashgacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.