Tramp Grenlandiyaga qarshi kuch ishlatmoqchi(mi?)
Prezident Donald Tramp Grenlandiyani anneksiya qilish uchun harbiy kuch ishga solinishi mumkinligini aytdi. Bunday tahdid asnosida Daniya Qirolligining o‘zini o‘zi boshqaradigan mazkur hududini Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shib olish ham istisno etilmasligi ta’kidlangan.
Trampning resurslarga boy yirik orol ustidan nazoratni qo‘lga olish haqidagi oxirgi izohi taxminan shunday yangragan:
– Bizga Grenlandiya juda kerak. Aholisi kamchilik, ularga g‘amxo‘rlik qilamiz va qadr ko‘rsatamiz. AQSHning ayni qadami xalqaro xavfsizlik yo‘lida juda muhim.
NATO ittifoqchisi Daniya va Grenlandiyaning o‘zi mazkur g‘oyani qat’iy rad etgan bo‘lsa-da, Tramp orolni sotib olish yoki kuch ishlatish, iqtisodiy majburlash yo‘li bilan qo‘lga kiritish rejasini bir necha bor oshkor qilgan.
Ekspertlar fikricha, bu masalada Qo‘shma Shtatlarni qiziqtiradigan bir necha omil mavjud. Avvalo, AQSH va Yevropa o‘rtasida joylashgan Grenlandiya o‘ziga xos geosiyosiy mavqega ega manzil sifatida Rossiyaning har qanday ehtimoliy hujumini qaytarishda yordam beradi. Shuningdek, asosiy yuk tashish yo‘li bo‘ylab joylashgan va strategik dengiz mintaqasi hisoblangan Grenlandiya – Islandiya – Birlashgan Qirollik oralig‘ining bir qismidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA