Tramp Eron bilan sulhni noma’lum muddatga uzaytirdi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan tuzilgan vaqtinchalik sulhni noma’lum muddatga uzaytirdi, deb xabar berdi Euronews.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Pokiston iltimosi bilan qabul qilingan. Shu bilan birga, AQSH tomoni Hurmuz bo‘g‘ozi blokadasini davom ettirmoqchi. Eron esa bu taklifni rad etdi va Vashingtonni yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtdan yutmoqchi, deb aybladi.
Trampning aytishicha, sulh Eron o‘z tinchlik shartlarini taqdim etmaguncha amal qiladi. U Eron hukumatidagi kelishmovchiliklar va Pokiston rahbarlari — Asim Munir hamda Shahboz Sharifning murojaati sabab shu qarorga kelgan. Aslida sulh 22-aprelda tugashi kerak edi.
Eron esa bu uzaytirishni tan olmadi. Mamlakat parlamenti rahbarining maslahatchisi Mehdi Muhammadiy Trampning qarorini “mantiqsiz” ekanini aytdi. Uning fikricha, mag‘lub tomon shart qo‘ya olmaydi, portlarni to‘sib qo‘yish esa bomba yog‘dirishdan farq qilmaydi va unga harbiy javob berish kerak. Shuningdek, u bu uzaytirishni AQSH tomonidan kutilmagan hujum uchun vaqtdan yutish deb baholadi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi esa AQSHni sulh shartlarini buzganlikda aybladi. Uning aytishicha, Eron portlarini qamal qilish, bu urush harakati hisoblanadi. Savdo kemasiga hujum qilish va ekipajni garovga olish esayanada og‘ir qoida buzarlikdir.
Shunga qaramay, bir kun oldin Tramp ancha qattiq bayonot bergan edi. U hatto havodan zarba berishni “eng yaxshi yo‘l” deb hisoblashini aytgan va AQSH armiyasi bunga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Eron ham, agar kelishuv bo‘lmasa, harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan. Pokiston rahbarlari ikkala tomonni muzokaralarning ikkinchi bosqichiga ko‘ndirishga harakat qilgan edi. Lekin, Islomobodda o‘tishi rejalashtirilgan bu uchrashuvning bo‘lishi gumon ostida, chunki AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Pokistonga safarini bekor qildi. Oq uy esa keyingi ma’lumotlar alohida berilishini aytdi.
Urush atrofidagi noaniqlik, tinchlikni o‘rnatish harakatlari va Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi jahon bozorlari va neft narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. AQSH esa Eronni neft narxlari bo‘yicha global inqiroz keltirib chiqarayotganlikda ayblayapti. Eron esa bu yo‘l AQSH, Isroil va ularning ittifoqchilaridan tashqari barcha uchun ochiqligini bildirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ftXHGHhHFEM" title="Tramp Eron bilan sulhni noma’lum muddatga uzaytirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA