“To‘ydan oldin nog‘ora chalmang!” qadrli hamkasblar
Shov-shuvlar va haqiqat
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Jizzax viloyati Forish tumani 2-sektor hududidagi “Garasha” mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari nomidan “Mahallada loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan ishlar to‘liq bajarildimi?” sarlavhali murojaat ko‘pchilikni e’tiborini tortdi.
Unda: “Garasha” MFY 2-sektor, tuman prokurori sektori hisoblanadi. Qishlog‘imizning dolzarb muammosi bu – yo‘ldir. Yil boshida yo‘l ta’mirini boshlab, chala qoldirib ketishdi. Xolbuki, 2021 yil “Obod – mahalla” dasturiga kiritilgan. Ammo loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan ishlar to‘liq bajarilmadi. Mexoyam qishlog‘i yo‘li (2-3 km.) va ko‘priklar ta’mirlandi. “Garasha” MFY markazidan Samarqand viloyatiga tutashuvchi 8 km. yo‘l hali-hanuz abgor holda.

Ayrim maishiy xizmat binolari fuqarolar shaxsiy mablag‘i hisobidan qurilmoqda. Axir davlatimiz mablag‘ ajratmoqda-ku. Bu hol Muhtaram Prezidentimizning xalqni rozi qilish siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi. Yuqori tashkilotlar tekshiruv o‘tkazishlarini so‘raymiz”, deya murojaat qilingan.
Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin yoki yiroqligini aniqlik kiritish maqsadida Forish tumanidagi bir qator mutasaddilar bilan uchrashib, masalaga oydinlik kiritishga harakat qildik.

– Ayni kunlarda ham tumanimizdagi “Garasha” mahallasida “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. bugungi kunga qadar mahalla aholisini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida eskirgan transfarmatorlar o‘rniga yangi transfarmatorlar, chirigan simyog‘ochlar o‘rniga temir beton tayanchlar o‘rnatilib, havo tarmoqlari almashtirildi, – deydi Forish tumani hokimining sanoat, qurilish, kommunikatsiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Farrux Amirov. – Mahalla hududidagi ko‘priklar, yordamchi xo‘jalik binolari, aholining o‘z kuchi bilan esa o‘zlarining hovli-joylari ta’mirlandi. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan savdo, xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, navvoyxona va boshqa maishiy ob’ektlar qurilmoqda.
“Mexoyam” qishlog‘iga olib boruvchi tog‘ yo‘li kengaytirilib, shag‘al yotqizildi. Dastur doirasida mahalla binosi bunyod etilmoqda. Buning barchasi xalqqa qulaylik yaratish, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilganidan ko‘z yummaslik kerak.
bugungi kunda ayrim yurtdoshlarimiz xalqimizning “somon yesang ham sir berma” degan ibratli gapini unutib, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘layotgan ishni bo‘lmadi deb, shunday qilsa go‘yo chetdan kelib birov qilib beradiganday ayuhannos solayotgani kishini ranjitadi.
Davlatimiz rahbari bugungi og‘ir pandemiya sharoitida ham xalqimizni o‘ylab, davlat byudjetidan ham sog‘ligimiz, ham mahalla va qishloqlarimiz obodligi uchun mablag‘ sarflayotganini o‘zi bir jasorat emasmi? Qachongacha, ayrim yurtdoshlarimiz buni ko‘rib, ko‘rmaganga, bilib, bilmaganga olib yuradi? Mamlakatimizda o‘tgan o‘ttiz yil davomida amalga oshirilgan asrlarga tatigulik ishlarni chetdan birov kelib emas, davlatimizning qat’iy siyosati, xalqimizning mehnati bilan amalga oshirildiku, axir.
– Murojaatda, “Ayrim maishiy xizmat binolari fuqarolarning shaxsiy mablag‘i hisobidan qurilmoqda”, degan jumlalar bor. Bunda murojaatchilar nimani nazarda tutyapti?
– Bu binolar tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Farrux Amirov. – Davlat hech kimga “Savdo yoki maishiy xizmat binosi qurib beraman”, deb kafillik olmaganku. “Obod qishloq” dasturida tadbirkorga bunday bino qurilishi uchun byudjetdan mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmagan ham. Davlat – tadbirkorga savdo yoki maishiy bino qurishi uchun yer ajratib beradi. Tadbirkor kerakli smeta hujjatlarini tayyorlab, binoni bank krediti yoki o‘z mablag‘i hisobidan o‘zi quradi. Va shu bino uning umrbod mulki bo‘lib qoladi. Undan keladigan foydani ham ertaga o‘zi oladi.
– Murojaatda “Garasha” MFY markazidan Samarqand viloyatiga tutashuvchi 8 kilometrlik yo‘l hali-hanuz abgor holda” degan jumlalarga ko‘zimiz tushdi.
– Men ham xuddi shu jumlalarni o‘qib, hayron qoldim, axir, biror bir joy haqida muammoni ko‘tarayotgan har qanday ijtimoiy tarmoq, kelib, ko‘rib, o‘rganib, o‘sha ishni amalga oshirish muddatini aniqlab, keyin nashr etishi kerak emasmi? – deydi tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Jo‘raqulov. – Vazirlar Mahkamasining “2021-2022 yillarda Jizzax viloyati sharoiti og‘ir mahallalarida muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi va ijtimoiy soha ob’ektlari ahvolini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 308-qaroriga asosan “Garasha” mahallasidan Koriz qishlog‘i orqali o‘tib, Samarqand viloyati chegarasiga tutashuvchi 8 kilometr yo‘liga shag‘al yotqizish ishlari belgilangan. Bunga bosh buyurtmachi etib, “Jizzax mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK tayinlangan. Ayni kunda yo‘lni tekislab, shag‘al yotqizish uchun 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha smeta hujjatlari tayyorlanib, ekspertizadan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining yuqorida bayon etilgan qaroriga asosan “Qaraabdol – Garasha” avtomobil yo‘lining Ilonli qishlog‘idan Garasha mahallasigacha bo‘lgan 4 kilometr qismi ham ta’mirlanib, asfalt qoplama yotqiziladi. Buning uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunga ham bosh buyurtmachi etib, “Jizzax mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK tayinlangan. Loyiha smeta xujjatlari tayyorlanib, ekspertizadan o‘tkazilgan.
– Xalqimizda yaxshilikni – yaxshilikni bilganlarga qilmasang jamiyatga yomonlik qilgan bo‘lasan, degan hikmatli gap bor, – deydi Forish tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari Rashid Karimov. – Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, amalga oshiriladigan ishlarni hech kim chetdan kelib belgilab ham, qilib ham bermaydi. Shunday ekan, to‘ydan oldin nog‘ora chalmay, boriga baraka, berganiga shukur deb turganga nima yetsin.
Biz ijtimoiy tarmoqlarda Forish tumani “Garasha” mahalla fuqarolar yig‘inidagi holat yuzasidan berilgan murojaat yuzasidan asil holat bo‘yicha tumandagi bir qator mutasaddilarning munosabatini berdik.
O‘zA, bundan keyin ham, asil holat va vazyaitni o‘rganmay ijtimoiy tarmoqlarda noxolisona yoritilayotgan turli chiqishlarga o‘z munosabatini bildirishda davom etadi.
Zero, forishlik hamkasbimiz Rashid aka Karimov aytganlaridek, “To‘ydan oldin nog‘ora chalishga shoshilmaylik, hurmatli ijtimoiy tarmoqlardagi hamkasblar.
A.QAYUMOV, O‘zA