Tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Davlatimiz chegaralarida kunu tun xizmat olib borayotgan bojxonachilar tomonidan inson salomatligi va hayotiga raxna soluvchi hamda xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan, sifati kafolatlanmagan tovarlarning respublika hududiga noqonuniy kirib kelishining oldi olinmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud ota” chegara bojxona posti orqali respublikaga kirib kelgan “Mercedes Benz” rusumli avtotransport vositasi postning inspeksion ko‘rik majmuasi tasvirlari tahlili natijasida shubhaga olingan joylari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazilganida, umumiy qiymati 94, 4 million so‘mlik kosmetika sohasida foydalaniladigan har xil dori vositasi va 1 dona “Lazmik” nomli tibbiy lazer apparatini hech qanday hujjatlarsiz Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelayotganligi aniqlandi.
Yana bir holatda ushbu postga Qozog‘iston Respublikasi orqali piyoda kirib kelgan fuqaro qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, qiymati 71,2 million so‘mlik, 38 turdagi 313 dona stomatologiya asbob-uskunalari va ashyolarini hech qanday hujjatlarsiz Rossiyadan mamlakatimizga olib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda ushbu ikkita holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.