Tovarlarni xalqaro tan olinadigan hujjatlar asosida erkin muomalaga chiqarishda vakolatli davlat organlarining elektron tasdig‘ini olish amaliyoti joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Tovarlarni xalqaro tan olinadigan hujjatlar asosida erkin muomalaga chiqarishda vakolatli davlat organlarining elektron tasdig‘ini olish amaliyotini joriy etish tartibi to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, notarif tartibga solish choralari soddalashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish amaliyoti keng joriy etiladi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularni muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyotini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib, “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida ushbu xizmat joriy etilishini ta’minlaydi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish tartibini belgilaydi.
Elektron tasdiqlash quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda;
amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa holatlarda.
Bojxona organlari tomonidan tovarlar erkin muomalaga chiqarish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish sxemasiga muvofiq chiqariladi.
Ariza beruvchi axborot tizimida vakolatli organning tasdig‘ini olish uchun ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda bojxona organiga ariza yuboradi.
Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
tranzit deklaratsiya raqami;
tovar nomi va TIF TH kodi;
tovarlarni ishlab chiqaruvchining nomi;
tovarlar ishlab chiqarilgan davlat nomi;
ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari;
amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa holatlarda nazarda tutilgan hujjatlar.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda ma’lumotlar haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Arizaga ilova qilingan ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi va axborot tizimida saqlanadi.
Ariza rad etilganda, sabablar aniq va asoslangan holda ko‘rsatilishi kerak.
Vakolatli organlar axborot tizimi orqali kelib tushgan arizalarni monitoring qilib boradi.
Monitoring davomida ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan ma’lumot va hujjatlarda elektron tasdiq olish uchun noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim qilingani aniqlanganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘riladi.
Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zA