To‘siqsiz muhit yaratish ko‘lami kengaymoqda
Qaror va ijro
Bugungi kunda Prezidentimizning 2024-yil 18-iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida ko‘chalar bosqichma-bosqich moslashtirildi. Bu boradagi ishlar viloyatda to‘siqsiz muhitni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lyapti.

Jumladan, Yangiyo‘l shahrining Sh.Rashidov ko‘chasida 0,56 kilometr, Samarqand ko‘chasida esa 2 kilometrdan ortiq hududda piyodalar yo‘laklari ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun ogohlantiruvchi hamda yo‘naltiruvchi taktil qoplamalar bilan jihozlandi. Shuningdek, piyodalar o‘tish joylari kontrast rangli bo‘rtma chiziqlar bilan belgilandi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus avtoturargohlar tashkil etildi.
– Shahrimizda biz kabi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan qulayliklar tufayli kundalik hayotimizda mustaqil va erkin harakatlanishimizga katta yordam bermoqda, – deydi yangiyo‘llik Seyran Atajanov. – Ovozli svetoforlar, panduslar, maxsus yo‘lakchalar va boshqa infratuzilma yechimlari bugungi kun talabidir. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida nogironligi bo‘lgan insonlar ehtiyojlari ham inobatga olinmoqda. Bundan juda mamnunmiz.

Ma’lumot o‘rnida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Ijtimoiy inspeksiyani Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatning barcha tuman va shaharlarida 23 kilometrdan ortiq ijtimoiy ahamiyatga ega ko‘chalar tanlab olinib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirildi. Bu kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA