To‘siqlar ko‘paydi, bag‘rikenglik-chi?
Mulohaza
Yil sayin mahallalar obod bo‘lib chiroy ochib bormoqda. Bir-birini takrorlamas ko‘p qavatli uylar, ular oldidagi bolajonlar, keksalar uchun hordiq chiqarishga mo‘ljallangan maydonchalar va ayvonlar doim gavjum.
Ana shunday joylarni ko‘rib ko‘z quvnasa-da, kishini ranjitadigan holatlarning borligi ham bor gap. Toshkent shahri aholisi kun sayin emas, soat sayin zichlashib borishi bugungi kunning inkor qilib bo‘lmaydigan voqeligi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun yakka tartibdagi uylar yaqinida ko‘p qavatli turar-joy majmualari barpo etilmoqda. Bu, shubhasiz, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, hovlida istiqomat qiluvchi ayrim fuqarolar tomonidan shaxsiy daxlsizlik, soya-salqinlik, transport oqimi ortishi kabi masalalar yuzasidan e’tirozlar ham bildirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday holatlarda shaharsozlik me’yorlari, sanitariya va qurilish talablariga qat’iy amal qilinishi, jamoatchilik fikrining inobatga olinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirda, Toshkent shaharning istalgan tumanini kuzating, ko‘plab hovlilarga yaqin ko‘p qavatli uylar barpo etilganiga guvoh bo‘lasiz. Bu holat yuzasidan hovlida yashovchi aholi vakillaridan ko‘plab e’tirozlar ham bo‘lmoqda. Sababi, esa ayon. Baland uylarda yashovchilar yakka tartibdagi xonadon egalarini hovlidagi yurish-turishini bemalol kuzatishlari mumkin. Bu anchagina noqulayliklar tug‘dirishi esa, haqiqat.
Bu masalaning bir tomoni. Yana bir jihat borki, unga beparvo bo‘lish mumkin emas. Ana shunday chiroyli xonadonlar oralab yurib asabni qayraydigan holatni kuzatish mumkin. Mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofi va ko‘chalarga asfalt qoplamasi yotqizilgan. Xonadon egalari ko‘cha atrofini turli manzarali gullar, salqin beruvchi daraxtlar ekib yanada shinam qilib qo‘ygan. Ayrimlari esa...
Ha, afsuski, shunday. Uy chegarasidan tashqariga chiqib, qo‘shimcha joylarni temir panjaralar bilan o‘rab olganlar ham talaygina. Yana bu ham yetmagandek, har o‘n besh qadam joyga beton qoplamali yo‘l to‘siqlari to‘shalgan. Siz bu yerdan avtoulovda yurasizmi, piyoda yurasizmi, albatta, turtinib-surtinib o‘tishga majbursiz. Bunday holni shahrimizning istalgan ko‘chasida uchratish mumkin. Avtoulovda bo‘lsangiz mashinangiz, albatta, ta’mirtalab bo‘ladi, piyoda bo‘lsangiz yiqilib, tan jarohati olishingiz yuz foiz kafolatlangan.
– Kechagina mahalla oralab masjiddan ketayotgan edim, – deydi otaxon biz bilan suhbatda. – Bir xonadon oldida beton qoplamali to‘siqlarga ko‘zim tushdi. Bir emas, ketma-ket ikkita shunday to‘siq qo‘yilgan ekan. Birinchisidan o‘tganimda keksalik qursin, ko‘rmadim-da, deb qo‘ydim. Ammo, ikkinchisi ham undan baland qo‘yilgan shekilli, yiqilishimga bir baxya qoldi. Yonimdagi hamrohim qo‘limdan tutib qolmaganda, hozir siz bilan suhbat qilmayotgan bo‘larmidim. Ikkisini orasidagi masofa yigirma qadam ham chiqmaydi. Qarshimdagi har ikki darvoza va hovlidan bildim-ki, badavlat oila ekan. Bu ketishda ko‘chaga ruxsatnomasiz kiritmasa ham kerak, deb o‘ylab qoldim.
So‘nggi paytlarda mahallalarning ichki ko‘chalarida beton to‘siqlar, sun’iy balandliklar, temir panjaralar o‘rnatish holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda. Ayniqsa, maktab, bog‘cha, bozor va guzar atrofida o‘rnatilgan tezlikni pasaytiruvchi vositalar muayyan ijobiy natija bermoqda. Buni fuqarolar ham e’tirof etmoqda. Ammo, ayrim ichki tor ko‘chalarda to‘siqlar shartmikan, degan o‘yga ham borasan.
Darhaqiqat, xavfsizlik – ustuvor masala. Yo‘l harakati madaniyati yetarli darajada shakllanmagan sharoitda texnik vositalar orqali tezlikni cheklash ma’lum samara berishi mumkin.
Biroq muammoning ikkinchi tomoni ham bor. Ayrim hollarda to‘siqlar tegishli idoralar bilan kelishilmagan, me’yorga javob bermaydigan shaklda o‘rnatilmoqda. Ketma-ket joylashtirilgan baland to‘siqlar piyodalar, ayniqsa, keksalar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuningdek, tez yordam, yong‘in xavfsizligi xizmati kabi maxsus transport vositalari harakatiga ham to‘siq bo‘lishi mumkin.
Azaldan keksalarimiz suv olib kelgan, yo‘l ochgan, ko‘prik qurgan odam katta savobga ega bo‘ladi, deyishgan. Buning aksi bo‘lsa-chi. Gunohdan qo‘rqish degan tushuncha nahotki odamlardan uzoqlashgan bo‘lsa. Jamoat joylaridan oqilona foydalanish, qo‘shni haqqidan qo‘rqish, umumiy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish ma’naviy qadriyatlarimiz emasmi? Masala shundaki, beton va temir to‘siqlar ko‘paygan sari, ko‘ngillardagi bag‘rikenglik kamayib bormayaptimi, degan o‘y kishini o‘ylantiradi.
Bugun savol shunda: ko‘chalarga qo‘yilayotgan to‘siqlar haqiqatan ham xavfsizlikka xizmat qilyaptimi yoki ayrim hollarda o‘zboshimchalik ko‘rinishiga aylanib qoldimi?
Xulosa o‘rnida aytish joiz, muammoning yechimi – tartib, nazorat va jamoatchilik bilan ochiq muloqotda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari, mutasaddi tashkilotlar va aholi hamjihatlikda qaror qabul qilsa, ham xavfsizlik ta’minlanadi, ham noqulayliklarning oldi olinadi.
Obod mahalla – bu faqat yangi asfalt, zamonaviy uylar yoki ko‘kalamzor hududlar emas. Obodlik, avvalo, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik bilan o‘lchanadi.
Asror Sulaymonov.
O‘zA.