Toshloqda yangi shifoxona ish boshladi
To‘g‘ri, O‘zbekistonning qaysi shahar-tumaniga bormang, bunyodkorlik va obodonchilik avjida. Lekin Toshloq tumaniga bir-ikki oy kelmagan odam o‘zgarishlarni yaqqol his qiladi. So‘nggi yillarda ayniqsa tuman markazi - Toshloq shaharlardan qolishmaydigan qiyofaga kirdi. Bu aloxida mavzu. Bugun tumandagi quvonchli voqea haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Hashamatli bino, tibbiy texnikalar bilan jihozlangan Markaziy shifoxona foydalanishga topshirildi. U salobatli, xonalari keng, yorug‘. Qaysi soha bo‘lmasin zamonaviy uskunalar, xushmuomala va malakali shifokorlar xizmatda.

22.8 milliard so‘m sarflandi, 175 o‘rinli bu shifoxona qurilishiga. Har bir qavatda ixtisoslashgan yo‘nalish. Jarrohlik bo‘limi bemorlari esa bunday sharoitni ko‘rib sog‘ayib ketishga umidlari mustahkamlanyapti. Qabul, tashxis qo‘yish, laboratoriya bo‘limlari qulay joylashgan.

- Yangi shifoxonada FGD, UZI, rentgen diagnostika apparatlari va raqamli rentgen ishlab turibdi, - dedi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Xasanboy Karimov. - Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun zamonaviy laporoskopik uskunalari olib kelib qo‘yildi. Unda bemorlarda kichik jarohat bilan amaliyot o‘tkazish mumkin, Ilgarichi, dersiz. Bemorga ko‘p noqulaylik bo‘lgan. UZI bir binoda bo‘lsa, labaratoriya boshqa, rentgen esa huv narida... Xullas, keling ularni eslamaylik. Yangi binoda barcha xizmat turlari mujassam. Hatto qavatdan qavatga ko‘rkam liftlarda ko‘tarilasiz.

Bino yonidagi alohida eshikdan kirsangiz, tug‘ruqxonaga ro‘baro bo‘lasiz. Buni qarangki, yangi shifoxona binosi ochilgan birinchi kuniyoq ketma-ket chaqaloqlar tug‘ilibdi.

- Ismim Zulfiya. Kecha yangi bino tug‘ruqxonasiga olib kelishdi. Qiz chaqaloqlik bo‘ldim, - deydi Zulfiya Ergasheva. – Aytishlaricha, shu yangi tug‘ruqxonada mening chaqalog‘im birinchi bo‘lib tug‘ilibdi.
- Shunday kunlarda yangi tug‘ruqxonada farzandim dunyoga keldi, - dedi Zulxumor Parpiboyeva. - Birinchi farzandim eski binoda tug‘ilgan edi. Bu yerning avvalgisidan farqi ona-bolaga eng qulay sharoitlar yaratilgan. Doyalarning tili shirin, qo‘llari yengil ekan.
Aslida bunday ko‘rkam tibbiyot markazlarining qurilishi inson manfaati har narsadan ustun deb belgilangan O‘zbekistonning izchil siyosati natijalaridan biridir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Drvu1NIK6xs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muxammadjon Obidov
Elyor Olimov