Toshloq tumaniga press-tur uyushtirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligidagi media-rejaga asosan, Toshloq tumaniga press-tur tashkil etildi.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar tuman markazida yangi foydalanishga topshirilgan ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishtirildi.
Dastlab, OAV vakillari tibbiyot birlashmasiga qarashli 5 qavatli 175 o‘rin-joyga ega bo‘lgan yangi bino haqida ma’lumot oldi. Ta’kidlandiki, 22,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, barpo etilgan binoda klinik davolash bo‘limlarining ishga tushishi natijasida tumandagi 214 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.
[gallery-14405]
Tibbiyot binosida qabul-diagnostika, reanimatsiya, tug‘uruqxona bo‘limi, xirurgiya hamda terapiya bo‘limlari mavjud bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bemorlarga aniq tashxis qo‘yish uchun raqamli rentgen, zamonaviy UTT apparati, gastrofibroskop, EKG apparatlari o‘rnatilgan. Ishtirokchilari bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda zamonaviy tibbiy jihozlar bilan yaqindan tanishdi.
Keyingi manzil “Tashabbusli byudjet” loyihasiga ko‘ra ta’mirdan chiqarilgan 54-oilaviy poliklinika binosi bo‘ldi. Ta’kidlash kerak, “Quyi Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 54-oilaviy poliklinika binosi 1989 yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. 19 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan ushbu oilaviy poliklinika “Tashabbusli byudjet” natijasida to‘liq ta’mirdan chiqarilib, barcha sharoitlarga ega bo‘ldi. Ta’mirlash ishlari uchun 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Yaqin kunlarda ushbu oilaviy poliklinika barcha sharoitlarga ega bo‘lgan holda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Shu kuni media-rejaga asosan, matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari Elmurodxon Madaminov tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ko‘rsatilayotgan yordam hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA