Toshkentning doimiy aholisi soni ma’lum qilindi
bugungi kunda aholining soni va uning o‘sish sur’atlari uzluksiz ravishda ortmoqda.
Poytaxtimizda doimiy aholi soni 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 2860,5 ming kishini tashkil etib, yil boshidan 166,1 ming kishiga yoki 106,2 foizga ko‘paydi. Shundan erkaklar soni 1402,1 ming kishini, ayollar soni esa 1458,4 ming kishini tashkil etadi. Bu haqda Toshkent shahar statistika boshqarmasi ma’lum qildi.
Shahar hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yil 1 yanvar holatiga eng ko‘p aholi soni Olmazor tumanida — 385,5 ming kishini (shahar aholisi sonidagi ulushi 13,5 % ni) va Yunusobod tumanida — 358,9 ming kishini (12,5% ni ), aksincha eng kam aholi soni Yakkasaroy tumanida —124,0 ming kishini (4,3 % ni) va Bektemir tumanida 48,9 ming kishi (1,7 % )ni tashkil etgan.
Shuni alohida aytish joizki, aholining soni tabiiy ko‘payish ko‘rsatkichlaridan tashqari migratsiya jarayonlariga ham bog‘liq. 2021 yil yanvar-dekabr oylarida Toshkent shahar bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 111,9 ming kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 73,7 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi 38,2 ming kishi bo‘lib, 2020 yilning mos davrida 71,7 ming kishi bo‘lgan.
O‘zA