Toshkentda yangi pullik magistral yo‘l qurilishi mumkin
Toshkent shahrida transport oqimini samarali boshqarish, tirbandliklarni kamaytirish va zamonaviy yo‘l infratuzilmasini shakllantirish maqsadida yangi pullik avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha yirik loyihalar muhokama qilinmoqda.
Mazkur masala Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya hamda “China Railway Construction” rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ko‘tarildi.
Muzokaralar chog‘ida umumiy uzunligi qariyb 100 kilometrni tashkil etadigan halqa shaklidagi pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu magistral poytaxtdagi transport oqimini qayta taqsimlash, markaziy ko‘chalardagi yuklamani kamaytirish va tirbandlik muammosini yengillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, kelgusida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishi bo‘yicha shahar markazidan o‘tuvchi zamonaviy magistral pullik yo‘l qurish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Loyiha amalga oshirilsa, aeroportga borish vaqti qisqarishi va transport harakati ancha qulaylashishi kutilmoqda.

Uchrashuvda transport sohasidan tashqari poytaxtni kompleks renovatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiyalash hamda shaharsozlik sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Shavkat Umurzoqov kompaniyaga renovatsiya hududlarida ishtirok etish, ekologik talablarga javob beradigan qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy poligon tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Muzokaralarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, zamonaviy maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari hamda boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni qurish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Qayd etish joiz, O‘zbekistondagi ilk pullik avtomagistral — Urganch–Xiva yo‘nalishidagi 35 kilometrli avtomobil yo‘li qurilishi joriy yilning 24-fevral kuni rasman boshlangan edi. Qiymati 120 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha mamlakat transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Shu bilan birga, Toshkent –Andijon yo‘nalishida qurilishi rejalashtirilgan yangi pullik avtomobil yo‘li ham mamlakatdagi eng yirik transport loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan mazkur avtomagistral orqali haydovchilar 150 km/soat tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Natijada ikki hudud orasidagi masofani taxminan 2 soat 14 daqiqada bosib o‘tish imkoniyati yaratiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarovning ma’lum qilishicha, pullik yo‘lda 200 kilometr masofani bosib o‘tish taxminan 100 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, bunday zamonaviy magistrallar nafaqat transport harakatini yengillashtiradi, balki mamlakatning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA