Toshkentda yana bir zamonaviy bog‘cha ish boshladi
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 249-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirdan chiqarilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari D.Rahimova, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, Yakkasaroy tumani hokimining o‘rinbosari O.Rixsiboyev, soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘z olganlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz ta’lim-tarbiya muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mazkur ta’lim muassasasi ham zamon talablari asosida yangidan ta’mirlanganini alohida ta’kidladi.

Kapital ta’mirdan so‘ng muassasada tarbiyalanuvchilarning sifatli ta’lim olishi, mazmunli dam olishi hamda har tomonlama kamol topishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Yorug‘ va shinam guruh xonalari, zamonaviy jihozlar hamda obodonlashtirilgan hudud bolajonlar uchun qulay muhitni ta’minlaydi.
Tadbir yakunida mehmonlar yangilangan bog‘cha binosi, unda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
G.Boboyeva,
O‘zA