Toshkentda Xitoy xalqaro texnikumi tashkil etiladi
Toshkent shahrida Xitoy standartlari asosida ta’lim beradigan, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektga ixtisoslashgan yangi xalqaro texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha doirasida 5,1 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, mehnat bozori talablariga mos va yuqori malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shunday istiqbolli tashabbuslardan biri Toshkent shahrida Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etishdir.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi «Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
Xitoy xalqaro texnikumi Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi Respublika televideniye va radio texnikumi negizida tashkil etiladi. Yangi texnikum «China Oriental Education Holdings Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Ta’lim muassasasi Rohat ko‘chasi, 29-uy manzilidagi mavjud bino va inshootlarda joylashtiriladi. Ushbu ob’ektlar yoshlarni kasbga o‘qitish maqsadida 20 yil muddatga maqsadli va tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.
Texnikum nodavlat kasbiy ta’lim tashkiloti sifatida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi. Uning muassislari sifatida «China Oriental Education Holdings Limited» kompaniyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi belgilanadi. Yangi texnikumni zamonaviy talablar asosida tashkil etish uchun Xitoy kompaniyasi tomonidan 5,1 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritiladi.
Investitsiya loyihasini bir yil davomida amalga oshirish rejalashtirilgan. Mablag‘lar mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, yangi po‘lat konstruksiyali ustaxonalar qurish, zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Bu yerda investitsiyaning ahamiyati faqat ta’lim binosini ta’mirlash yoki yangi uskunalar xarid qilish bilan cheklanmaydi. Loyihaning asosiy iqtisodiy qiymati — mehnat bozori uchun zamonaviy texnologiyalarni biladigan, ishlab chiqarish jarayonlariga moslashgan kadrlar tayyorlash tizimini yaratishda.
Texnikumda ta’lim kunduzgi, kechki va dual shakllarda, to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. O‘quvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich kasbiy ta’lim negizida qabul qilinadi. Shu bilan birga, ishsiz va band bo‘lmagan, kasb egallash istagidagi yoshlar uchun qisqa muddatli kasbga o‘qitish kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi. Ish beruvchilar buyurtmasi asosida ham qisqa muddatli kasbiy ta’lim dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, o‘quvchilarga xorijiy tillar — xususan, xitoy va ingliz tillarini o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Texnikumning eng muhim jihatlaridan biri — ta’lim jarayonini real ishlab chiqarish bilan bog‘lashdir. Loyiha doirasida Xitoyning BYD, Chery va JAC kabi yirik avtomobilsozlik kompaniyalarining buyurtmalari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash hamda o‘quvchilarning ushbu korxonalarda amaliyot o‘tashini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu yondashuv kasbiy ta’limning eng muhim muammolaridan biri — ta’lim muassasasida olingan bilim bilan ishlab chiqarishdagi real talab o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishga xizmat qiladi. Ya’ni yoshlar faqat nazariy bilim olibgina qolmay, kelajakda ishlaydigan sohasida amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘ladi.
Zamonaviy mehnat bozorida raqamli ko‘nikmalarga talab yil sayin ortib bormoqda. Shu sababli yangi texnikum faoliyatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanishga alohida e’tibor beriladi. O‘quv jarayoniga zamonaviy fanlar, innovatsion va ilm-fanga asoslangan texnologiyalar joriy etiladi. Shuningdek, ochiq axborot-ta’lim muhitini shakllantirish maqsadida raqamli yechimlardan foydalaniladi.
Texnikumda o‘quv jarayoniga oid ma’lumotlar «Kasbiy ta’lim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT» axborot tizimiga integratsiya qilinadi. O‘qituvchilar ham Xitoyda malaka oshiradi. Loyiha faqat o‘quvchilarni tayyorlash bilan cheklanmaydi. Pedagog kadrlarning malakasini oshirishga ham xorijiy tajriba jalb qilinadi.
Mahalliy o‘qituvchilarning Xitoyning yetakchi ta’lim muassasalari va korxonalarida malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tashi tashkil etiladi. Shuningdek, ta’lim jarayoniga mahalliy va xorijiy korxonalarning malakali mutaxassislari jalb qilinadi. Bu esa kasbiy ta’limda «ishlab chiqarish — ta’lim — amaliyot» tamoyilini kuchaytirish imkonini beradi. Texnikumda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO)ning 3–5-darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun belgilangan tartibda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish litsenziyasi olinadi va ta’lim dasturlari davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta’lim diplomi beriladi. Shuningdek, qo‘shimcha kvalifikatsiya va kompetensiyalarni egallash bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlarga sertifikatlar taqdim etiladi.
Loyihaning yana bir muhim maqsadi — bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish. Xalqaro texnikum tashkil etilishi kasbiy ta’lim tizimidagi muhim o‘zgarishlardan biri bo‘lishi mumkin. Chunki zamonaviy iqtisodiyotga faqat oliy ma’lumotli mutaxassislar emas, balki aniq kasb va texnologiyalarni chuqur biladigan malakali texnik kadrlar ham zarur. Ayniqsa, O‘zbekistonda avtomobilsozlik, elektrotexnika, mashinasozlik, raqamli texnologiyalar va boshqa yuqori texnologik tarmoqlar rivojlanayotgan bir sharoitda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga talab ortib bormoqda. Shu ma’noda, Xitoy tajribasi asosida tashkil etilayotgan texnikum ta’lim muassasasi bo‘lish bilan birga, mehnat bozori va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi kutilmoqda.
Yangi loyihani amalga oshirish munosabati bilan Respublika televideniye va radio texnikumiga 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab yangi o‘quvchilar qabul qilinmaydi. Ayni vaqtda ushbu texnikumda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun amaldagi ta’lim dasturlari asosida o‘qishini yakunlashiga zarur sharoit yaratiladi.
Loyihaning yana bir muhim jihati — xorijiy investitsiyaning inson kapitaliga yo‘naltirilayotgani. 5,1 million dollarlik sarmoya zamonaviy ustaxona va laboratoriyalar, o‘quv jihozlari, binolarni rekonstruksiya qilish, pedagoglar malakasini oshirish va ta’lim texnologiyalarini yangilashga sarflanadi. Natijada investitsiya nafaqat ta’lim infratuzilmasini, balki inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Texnikumning uzoq muddatli samarasi esa uning qancha o‘quvchi qabul qilishi bilan emas, balki bitiruvchilarning mehnat bozorida qanchalik talabgir mutaxassisga aylanishi bilan baholanadi. Shu bois yangi Xitoy xalqaro texnikumining asosiy mezoni — zamonaviy jihozlar emas, balki ish beruvchilar ehtiyojiga mos, xalqaro standartlarni biladigan va amaliyotga tayyor kadrlarni tayyorlash samaradorligi bo‘ladi. Bu jihatdan loyiha O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy investitsiyani ta’lim sohasiga jalb qilish va yoshlarni yuqori texnologik tarmoqlarga tayyorlash borasida muhim qadamdir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA