Toshkentda uy-joy narxlari o‘sdi
Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda iqtisodiy faollikning muhim indikatorlaridan biriga aylanib bormoqda. Elektron savdo platformalari orqali shakllantirilayotgan ma’lumotlar bozordagi real talab va taklif dinamikasini aniqroq baholash imkonini bermoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida qayd etilgan ko‘rsatkichlar esa poytaxtda ko‘chmas mulk narxlari barqaror, ammo hududlar kesimida turlicha tendensiya namoyon etayotganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, 2026-yil 1-yanvar 1-aprel oralig‘ida elektron savdo platformalari orqali to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozori nisbatan barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda. Tahlillar turli toifadagi ob’ektlar narxlarida mo‘’tadil o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
Ko‘p kvartirali uy-joylar segmentida 1 kv.m uchun o‘rtacha narxlar 0,8 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Bektemir, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda, jumladan Sergeli va Uchtepa tumanlarida narxlarning kichik pasayishi kuzatilgan.
Yakka tartibdagi uy-joylar bozorida 1 sotix yer qiymati o‘rtacha 0,3 foizga o‘sgan. Bu segmentda Mirobod tumani yetakchilik qilmoqda. Ayrim markaziy hududlarda esa narxlar barqaror yoki biroz pasayish tendensiyasida bo‘lgan.
Noturar ob’ektlar segmentida bozor faolligi nisbatan yuqori bo‘lib, 1 kv.m uchun o‘rtacha narxlar 1,2 foizga oshgan. Ayniqsa, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilgan. Shu bilan birga, Sergeli va Yunusobod tumanlarida pasayish kuzatilgan.
Umuman olganda, Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida muvozanatli rivojlanish saqlanmoqda. Ayrim tumanlarda talab va investitsion faollik yuqori darajada qolmoqda, bu esa narx dinamikasiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, elektron savdo platformalari orqali shakllanayotgan ma’lumotlar bozor shaffofligini oshirib, real narx tendensiyalarini aniqroq baholash imkonini bermoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA