Toshkentda turkiy davlatlar kosmik hamkorlikni muhokama qildi (+video)
Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo va kuzatuvchi davlatlar kosmik agentliklari hamda vakolatli idoralari rahbarlarining 5-yig‘ilishi tashkil etildi. Mazkur tadbir “Space Technology Conference – 2026” xalqaro anjumani doirasida o‘tkazilib, kosmik texnologiyalar sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratildi.
Hozirgi kunda global kosmik iqtisodiyotning hajmi 500 milliard AQSH dollaridan oshgan bo‘lib, 2030-yilga kelib 1 trillion dollarga yetishi prognoz qilinayotgani e’tiborga sazovordir. Shu bois, TDTga a’zo davlatlar uchun kosmik texnologiyalarni rivojlantirish strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. A’zo davlatlar umumiy hisobda 170 milliondan ortiq aholi va keng geografik hududni qamrab oladi, bu esa kosmik xizmatlar, xususan yer kuzatuvi, aloqa va navigatsiya texnologiyalarini rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘izistondan kosmik sohalar rahbarlari, shuningdek kuzatuvchi davlatlar: Vengriya, Turkmaniston hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘nggi yillarda erishilgan natijalar sarhisob qilindi va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Xususan, TDT doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslardan biri — texnologik sun’iy yo‘ldosh yaratish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu loyiha orqali a’zo davlatlar o‘rtasida texnologik transfer yo‘lga qo‘yiladi, ilmiy-tadqiqot salohiyati birlashtiriladi va yosh mutaxassislar tayyorlanadi.
So‘nggi yillarda TDT mamlakatlari kosmik sohada muhim natijalarga erishdi. Masalan, Turkiya va Qozog‘iston yer kuzatuvi sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga chiqardi, Ozarbayjon telekommunikatsiya yo‘ldoshlari orqali xalqaro xizmatlar ko‘rsatmoqda, O‘zbekistonda esa kosmik monitoring asosida yer va suv resurslarini boshqarish, ekologiya, geologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbir TDT doirasida kosmik siyosatni muvofiqlashtirish, qo‘shma infratuzilmalarni shakllantirish va mintaqaviy kosmik ekotizimni yaratish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/QX2FsA3avw8?si=6Ub2bRxd0Cm9QyqY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
D.Yoqubov (video),
S.Obidjonov(montaj),
N.Haydarov (surat),
O‘zA