Toshkentda "Rossiya ta’limi. Toshkent - 2026" xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkaziladi
Joriy yilning 25-26-sentabr kunlari poytaxtimizda Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan "Rossiya ta’limi. Toshkent - 2026" xalqaro ta’lim ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir "Rossotrudnichestvo"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi Rossiya Federatsiyasi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Aytish joizki, mazkur tadbir 2026-yilda oltinchi bor tashkil etilmoqda. Ko‘rgazmada Rossiyaning 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi ishtirok etishi kutilyapti. Universitetlar vakillari ishtirokchilarga ta’lim dasturlari, mavjud yo‘nalishlar, qabul shartlari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot beradi.
Ayniqsa, tadbir Rossiyada tahsil olishni rejalashtirayotgan abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun muhim imkoniyat hisoblanadi. Ishtirokchilar ikki kun davomida bir maydonning o‘zida o‘nlab oliy ta’lim muassasalari bilan tanishish, ular taklif etayotgan ta’lim dasturlarini solishtirish hamda universitetlar vakillaridan bevosita maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri Rossiya oliy ta’lim muassasalariga qabul tartibi va grant asosida tahsil olish imkoniyatlariga bag‘ishlanadi. Xususan, ishtirokchilar Rossiya Federatsiyasi Hukumati kvotasi doirasida bepul ta’lim olish imkoniyatlari, hujjat topshirish tartibi va qabul jarayoni bilan bog‘liq masalalar yuzasidan zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Vakolatxona axborot xizmatining ta’kidlashicha, ko‘rgazma yoshlarga kelgusi kasb va ta’lim yo‘nalishini tanlashda amaliy ko‘mak berish, Rossiya oliy ta’lim muassasalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etish hamda abituriyentlar uchun mavjud ta’lim imkoniyatlarini keng yoritishga qaratilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA