Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi boshlandi
Xalqaro forumda 40 dan ortiq davlat vakillari, jumladan, ta’lim va fan vazirlari, 500 ga yaqin mahalliy va xorijiy oliygoh rahbarlari hamda mingdan ziyod ekspert ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga murojaati o‘qib eshittirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari o‘z qutlovida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik mustahkamlanayotganini ta’kidlagan.
Qariyb 85 million aholiga ega mintaqamizning eng katta boyligi esa bilimga intilayotgan yosh avloddir.

– Ana shu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuchga aylantirishda eng samarali yo‘l – sifatli, zamonaviy ta’lim va tarbiyadir, – deyiladi murojaatda.
Prezidentimiz O‘zbekistonda ta’lim islohotlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini qayd etgan.
Yaqinda maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy va oliy ta’lim hamda ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirildi. Bundan maqsad – bolaning dastlabki bilim olishidan yetuk mutaxassis va olim bo‘lib shakllanishigacha bo‘lgan bosqichlar uzviyligini ta’minlash.
Murojaatda ta’lim yoshlarni mustaqil fikrlash, ijod qilish va umri davomida o‘rganishga tayyorlashi zarurligi ta’kidlangan.
O‘qituvchi va murabbiylarning rolini oshirish, maktab, texnikum, universitet hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ayniqsa, qizlar, chekka hududlardagi bolalar va alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish muhim vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.

Prezidentimiz sun’iy intellekt va zamonaviy muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish, universitetlar o‘rtasidagi qo‘shma dasturlar va tadqiqotlarni ko‘paytirish, talaba hamda olimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni ilm-ma’rifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar birlashgan umumiy intellektual makonga aylantirish strategik maqsad ekanini ta’kidlab, forumda ushbu yo‘nalishda amaliy takliflar ilgari surilishiga ishonch bildirgan.
O‘zA